Mirziyoyev Istanbuldagi Rossiya-Ukraina muzokaralarini olqishladi
Olam
−
10 iyun 3162 3 daqiqa
Bugungi dunyo katta sinovlarni boshidan kechirmoqda. Global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchaymoqda, geosiyosiy jarayonlar shiddat bilan o‘zgarmoqda. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘z ochdi.
“Jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan bir yarim barobar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi. Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli jahon yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari esa ketma-ket uch yil davomida pasaymoqda”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, u xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashayotganidan afsusda ekanini bildirdi. Insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishlari kabi masalalarga e’tibor kamayayotganini qayd etdi. Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim ekanini qo‘shimcha qildi.
“Biz Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarur, deb hisoblaymiz va Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni olqishlaymiz.
Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. XXI asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyutsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir”, dedi Prezident.
Bundan tashqari, Mirziyoyev global kun tartibidagi yana bir masala – bu qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat ekanini qayd etdi. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim ekani, zero, mazkur mamlakatdagi osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanish yon-atrofdagi barcha mintaqalarning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun zarur omil hisoblanishini ta’kidladi.
“Men hozir ta’kidlab o‘tgan muammolar bo‘yicha barcha sherik davlatlarimizni ochiq va keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikka chaqiramiz. Chunki, forumning asosiy mavzusi bo‘lgan investitsiyalar – faqat iqtisodiy taraqqiyotning emas, balki tinchlik va barqarorlikning kafolatidir!
Keling, birgalikda shunday investitsiya muhitini yarataylikki, u daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylansin!” dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Ma’lumot uchun, bugungi forumda 7,5 mingdan ortiq delegat, jumladan, 100 ga yaqin davlatdan salkam 3 ming nafar xorijiy mehmon ishtirok etmoqda. Ular orasida Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri O‘ljas Bektenov, Qirg‘iziston Hukumati raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yangi rivojlanish banki prezidenti Dilma Rusef, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, arab davlatlari hamda Yevropa, Osiyo va Afrika mintaqalaridan kelgan nufuzli delegatsiyalar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Istanbulda o‘tgan birinchi turda tomonlar 1000 nafar mahbusni o‘zaro almashish va ehtimoliy sulh jarayoniga oid hujjatlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishgandi. 2 iyun kuni Istanbulda Chirag‘an saroyida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina tomoniga Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchilik qildi. Uchrashuv yopiq formatda o‘tkazildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr