Mirziyoyev Isroil harakatlarini qoraladi
Jamiyat
−
06 noyabr
8314O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Isroilning Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni qoraladi. Bu haqda u bugun, 6 noyabr kuni Bishkekda o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida so‘z ochdi.
“Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz”, dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi – xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967 yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir. Shuningdek, u keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid bildirdi.
“Xavfsizlik haqida to‘xtalganda, Afg‘oniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimdir”, dedi Prezident.
Uning fikricha, Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNRWA bilan hamkorlikni to‘xtatishni nazarda tutuvchi munozarali qonun loyihasi Isroil parlamentida 10 deputatning qarshi va 92 deputatning yoqlovchi ovozi bilan ma’qullangan edi. Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yaponiya va Janubiy Koreya Isroil parlamentining ushbu qonun loyihalari yuzasidan “chuqur xavotir bildirgan”. Shuningdek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga maktub yo‘llab, UNRWA faoliyatini taqiqlovchi yangi qonunga norozilik bildirgan.
LiveBarchasi