Mirziyoyev Ilhom Aliyevni tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidentini Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar yakunlangani bilan samimiy tabriklab, birodar mamlakatning do‘st xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi. Tomonlar Janubiy Kavkazning butun hududida xavfsizlik va barqarorlik ta’minlanishiga umid bildirganlar. 

Suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Pandemiya bilan bog‘liq mushkul davrda ikki mamlakat bir-birini qo‘llab-quvvatlagani, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va strategik hamkorlikning navbatdagi namoyoni bo‘lgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat va qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va logistika, turizm va boshqa sohalarda yetakchi korxonalarning kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni faol ilgari surish muhimligiga alohida to‘xtaldilar. Tomonlar hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadal davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlaganlar.

Suhbat yakunida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari global va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin muloqotni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida faol qurolli to‘qnashuvlardan boshlanganda rasmiy Toshkent holatga munosabat bildirib, tomonlarni murosaga chaqirgandi. Ushbu masalani YeXHTning Minsk guruhi doirasida hal etilishi kerakligini aytgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev

Baholaganlar

49

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing