Mirziyoyev Erdo‘g‘anni “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirladi (video)

Jamiyat

image

Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqand shahrida bo‘lib turgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Bugun, 10 noyabr kuni O‘zbekistonning “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“Bugun tarixiy voqea — bugun qardoshim Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekistonning “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi”, dedi Prezident Turkiya yetakchisi bilan uchrashuvda.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yili BMTning 72-sessiyasida ulug‘ muhaddis Imom Buxoriyning merosini o‘rganish haqida gapirganini, o‘sha paytda Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlaganini eslatib o‘tgan.

“Biz O‘zbekistonda Imom Buxoriy bobomizning merosini chuqur o‘rganish uchun Samarqand zaminida ul zotning nomida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabini tashkil etdik.

O‘zbekiston xalqi sizning qardosh ellarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, o‘zaro manfaatli loyihalarni samarali amalga oshirish borasidagi shaxsiy hissangizni yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. Ishonchim komilki, umumiy til va madaniyatga, ajdodlarimizning boy merosiga, mushtarak intilishga asoslangan do‘stlik va qardoshlik munosabatlarimiz yanada ravnaq topadi”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Eslatib o‘tamiz, “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom ma’rifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlariga beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

80

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing