Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan gaplashib oldi

Jamiyat

image

Bugun, 15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq o‘zaro aloqalar hamda sermahsul almashinuvlar yuqori sur’atda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Ikki mamlakat yetakchilari mintaqaviy masalalarga to‘xtalar ekanlar, avgust oyining boshida Toshkent shahrida O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan g‘oyatda mamnun ekanini ta’kidlagan. Ushbu formatdagi amaliy hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Turkiyaning Konya shahrida o‘tayotgan va o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan beshinchi Islom birdamligi o‘yinlari yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta’kidlagan.

“O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

237

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing