Mirziyoyev dunyoni Afg‘oniston hukumatining harakatlarini rag‘batlantirishga chaqirdi
Jamiyat
−
26 iyul 2022
5114Prezident Shavkat Mirziyoyev jahon hamjamiyatini Afg‘oniston rasmiylarining mamlakatni mojarodan keyingi tiklanish, mustaqil, barqaror va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat barpo etish borasidagi sa’y-harakatlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda davlat rahbarining bugun, 26 iyul kuni bo‘lib o‘tayotgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida aytilgan.
“Hozirgi paytda Muvaqqat hukumat mamlakatda tinchlikni qaror toptirish bo‘yicha muayyan qadamlarni qo‘ymoqda, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qilmoqda. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz zarur”, deydi Prezident Mirziyoyev.
Ushbu xalqaro konferensiya kun tartibidan Afg‘oniston yangi hukumati tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablarini (keng vakillik asosida hukumat tuzish, xotin-qizlar huquqlariga rioya qilish va qizlarning to‘laqonli maktab ta’limi olishini ta’minlash) bajarish jarayonini tezlashtirish masalasida xalqaro samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish masalasi ham o‘rin olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur masalaga to‘xtalar ekan, shunday deydi:
“Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz zarur. Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda”.