Mirziyoyev Birinchi Prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

Jamiyat

image

Bugun, 2 sentyabr kuni davlat tashkilotlari vakillari, Toshkent shahri jamoatchiligi Islom Karimovni yod etish uchun yig‘ildi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bu yerga tashrif buyurib, Birinchi Prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Islom Karimov mamlakat mustaqilligini e’lon qilgan va uni taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan yetakchidir. Mirziyoyev Mustaqillik bayramidagi nutqida buning tarixiy ahamiyatini alohida ta’kidlagan:

"Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik".

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Qur’on tilovat qilindi. Birinchi Prezidentning O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholi turmushini yaxshilash borasidagi xizmatlari yodga olindi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham Birinchi Prezident haykaliga gullar qo‘ydi.

Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Islom Karimov 2016 yilning 2 sentyabr kuni og‘ir xastalik sabab 78 yoshida vafot etgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sana Islom Karimovni xotirlash kuni, deya e’lon qilingan. Prezidentning 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishlar qilingan. Mamlakatdagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berilgan. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilinib, Samarqandda maqbara barpo etilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 26 avgust kuni Samarqandga tashrifi chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, mamlakatning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ygandi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qilgandi. Bugun O‘zbekistonning sobiq birinchi xonimi Tatyana Karimova ham Birinchi Prezident Islom Karimovning xotirasini yod etib, uning qabriga gul qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Islom Karimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing