Mirziyoyev Berdimuhamedovni tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 sentyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar turkman xalqiga esa farovonlik tiladi.

O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning keng qamrovli kun tartibini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdilar. Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitining sermahsul natijalari yuksak baholandi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Prezidenti birodar Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedovning suhbati har doimgidek samimiyat, ishonch va do‘stlik ruhida o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

71

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing