Mirziyoyev Berdimuhamedovni tabrikladi
Jamiyat
−
22 Sentabr 2023
5148Bugun, 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turkmanistonlik mavqedoshi Serdar Berdimuhamedovga telefon qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlat rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga katta muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Muloqot davomida joriy yilning oktyabr oyida Toshkentda Turkmaniston madaniyati kunlari o‘tkazilishi ma’lum qilingan.
“O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli hamkorlikni, shu jumladan amaldagi ko‘p tomonlama formatlar doirasida kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi”, deyiladi xabarda.
Telefon muloqoti yakunida Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti va xalqini bo‘lajak Mustaqillik kuni bilan ham tabriklagan.
Ma’lumot uchun, Serdar Berdimuhamedov 1981 yil 22 sentyabrda Ashxobod shahrida stomatolog (keyinchalik mamlakat prezidenti) Gurbanguli Berdimuhamedov oilasida tug‘ilgan. 2022 yilda hukmron Demokratik partiya Serdar Berdimuhamedovni Turkmaniston prezidentligiga navbatdan tashqari saylovlarida nomzod qilib ko‘rsatdi va 72,97 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
LiveBarchasi