Mirziyoyev Belarus Respublika Kengashi Raisini qabul qildi
Jamiyat
−
27 avgust
3999Bugun, 27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Natalya Kochanova Shavkat Mirziyoyevga Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston Prezidenti joriy yil fevral oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotgani, muloqot va almashinuvlar faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
“Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, hududlararo ishbilarmonlik aloqalari kuchaymoqda, madaniy-gumanitar dastur doirasidagi tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan parlamentlar doirasidagi qo‘shma tadbirlar, jumladan, O‘zbekiston Oliy Majlisidagi uchrashuvlar va ikkinchi ayollar biznes forumining samarali natijalari yuksak baholandi.
Ikki mamlakat o‘rtasida savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surishga qaratilgan faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili sentyabr oyida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Belarusda Aleksandr Lukashenkoning qabulida bo‘lgandi.