Mirziyoyev Bakuga yetib bordi
Jamiyat
−
11 noyabr
4349O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan bugun, 11 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Baku shahriga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda davlat rahbarini Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Tashrif dasturida O‘zbekiston yetakchisining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi.
COP29 doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanishga qarshi kurashish, ekologik ta’limni rivojlantirish hamda iqlim kun tartibini ilgari surishda yoshlarning o‘rniga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbirlar o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining maxsus tashkil etilgan Milliy pavilonida Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-ekologik muammolarini hal etish, "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bioxilma-xillikni asrash va boshqa yo‘nalishlarda 20 dan ortiq qo‘shimcha tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev bugun, 11 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘lgan, tashrif doirasida Energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qilgan, navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlagan va Saudiya Arabistoni Valiahdi, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
LiveBarchasi