Mirziyoyev BAAning ikki vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri Sulton Ahmad Al-Jobir hamda Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiydan iborat delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va investitsiyaviy sheriklik loyihalarini ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida Sulton Al-Jobir Prezident Shavkat Mirziyoyevga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum va Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

"Uchrashuvda O‘zbekiston-BAA ko‘p qirrali munosabatlarining bugungi yuksak darajasi alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetdi", deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, "Yashil" energetika ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Navoiy viloyatida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol stansiyasi ishga tushirildi – bu loyiha Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Umuman, ushbu kompaniya ishtirokida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan elektr energiyasi ishlab chiqarish ob’ektlari ishga tushirildi.

"Energetika, neft-gaz va kimyo tarmoqlari, tog‘-kon sanoati, suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda yirik investitsiya loyihalarini tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, barcha darajalardagi samarali muloqotlarni davom ettirish va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing