Mirziyoyev avtobusda yurdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 15 oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida bo‘lib, Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi. Prezident davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan samimiy suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish aholi soni muntazam oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. Shu bois, ravon yo‘llar, muazzam ko‘priklar qurilib, mavjudlari zamon talablariga mos ta’mirlanmoqda.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtning bir necha tumanlarini bog‘lovchi markaziy yo‘ldir. Transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida uning Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi.

Endilikda 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi. Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan.

Ko‘cha o‘rtasida rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan kelib chiqib, BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida ajratilgan avtobus yo‘lagi Toshkent shahrida birinchi bor amaliyotga tatbiq qilindi. Bu jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulayliklarni yaxshiladi.

Umumiy qiymati 19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yo‘lovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil o‘tkazish imkoniyati yaratilib, o‘rtacha tezlik soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga yetkazildi.

Qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar natijasida xavfsizlik darajasi oshib, yo‘l-transport hodisalari kamayadi. Loyiha doirasida avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta “aqlli” svetofor  o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar to‘xtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan.

Shuningdek, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari barpo etildi. Shu yerda Toshkent shahrida alohida ajratilgan avtobus yo‘laklarini uzaytirish, shahar atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.

“Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtai nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz”, dedi Prezident.

Davlat rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev avtobus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing