Mirziyoyev “Arqadag‘”ga ham sim qoqdi

Jamiyat

image

Bugun, 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Suhbat avvalida yetakchilar yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomi – Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.

“Do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda va kooperatsiya chuqurlashmoqda. Birgalikda "Shovot - Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasida tadbirlar o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy sheriklik, muhim forum va anjumanlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalariga alohida to‘xtalgan.

Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo plyus” formatida o‘tkaziladigan sammitlar hamda Toshkent shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashilgan.

Mirziyoyev joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida o‘tkaziladigan forum va boshqa xalqaro tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun,  3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tadi. Yevropa Kengashi raisi Antonio Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ushbu sammitda qatnashish uchun O‘zbekistonga keladi. Tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tadi. 4-5 aprel kunlari esa “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon  va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing