Mirziyoyev “Arqadag‘” bilan qo‘ng‘iroqlashdi

Jamiyat

image

Bugun, 28 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida O‘zbekiston Prezidenti va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi bir-birini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan dildan qutlab, qardosh xalqlarga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini ham yo‘llagan.

“O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ilgari erishilgan, shu jumladan parlamentlararo muloqot doirasidagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Tomonlar barcha ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sezilarli faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi oshmoqda – 2023 yil yakuni bilan tovar ayirboshlash 1 milliard dollardan ortgan. Poytaxt Toshkent va Ashxobod shaharlarida savdo uylari ochilib, hamkorlikda "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasini barpo etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarida ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda, hududlararo aloqalar kengaymoqda. Joriy yilda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. 

Shuningdek, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashilib, 2024 yilga mo‘ljallangan uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing