Mirziyoyev “Arqadag‘” bilan qo‘ng‘iroqlashdi
Jamiyat
−
14 Oktabr
3469Bugun, 14 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Prezidentimiz Turkmaniston yetakchisini shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog‘iyning 300 yillik yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro forum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor tabrikladi hamda Ashxobod shahrida ko‘rsatilgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi", deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, yaqindagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlardan kelib chiqib O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 10 oktyabr kuni Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ashxobod shahriga borgan, 11 oktyabr kuni turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan "Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi - tinchlik va taraqqiyot asosi" mavzusidagi xalqaro forumda ishtirok etgan va tadbir doirasida Gurbanguli Berdimuhamedov va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi. Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga "Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi" esdalik medalini tantanali ravishda topshirdi va aeroportda uni kuzatib qo‘ydi.
LiveBarchasi