Shavkat Mirziyoyev amaldorlar nima qilsa, o‘zgarish bo‘lishini aytdi
Jamiyat
−
12 Sentabr 2019
7838Avvalroq, 11 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda Davlat rahbari o‘rta va kichik biznes sohasining istiqboli haqida gapirdi: “O‘rta va kichik biznes ertangi bizga kuch qudrat beradigan tashkilotlar shular bo‘ladi. Bizni boqadigan tashkilot shular. Bu hayot mamotimiz. Tadbirkor bilan uchrashib, seni muammong nima, joyida borib sharoitini yaratib bersak, ular bilan haqiqatda gaplashsak, o‘zgarish bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining tadbirkorlar murojatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilganidan keyin O‘tgan 3 oy mobaynidaunga 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi kredit, yer ajratish va boshqa masalalarga tegishli. Eng ko‘p murojaatlar Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Ushbu murojaatlarning 9 mingtasi yoki 75 foizi joyida, shundan 40 foizi bevosita tuman darajasida hal bo‘lgan. Bu holat ilgari quyi bo‘g‘in rahbarlari tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolar bilan umuman shug‘ullanmaganidan dalolat beradi.
Shu bois Bosh vazirga joylardagi qabulxonalarga tadbirkorlik sub’ektlaridan tushayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarni joyida hal etish, respublika darajasidagi muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish topshirildi.
Prezident Xovos tumani misolida joylarda har bir kichik biznes sub’ekti bilan ishlash, ularning muammosini tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha yaratilgan yangi tizimni respublikaning barcha hududlarida keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Ushbu yangi tizim natijasida Xovos tumanida shu yil oxirigacha qariyb 1 trillion so‘m investitsiya o‘zlashtiriladi. Kichik biznes sub’ektlari 2 barobar oshib, 7,5 mingta yangi ish joylari tashkil etiladi. Eksport 5 barobar ko‘payib, 3 million dollarga yetkaziladi.
“Xovosdagi dastlabki natijalar tadbirkorlar va salohiyatli investorlar doimiy ravishda muloqot qilib, ularning dardini eshitib, muammolarini hal etishga qaratilgan ushbu tizimining o‘z vaqtida yo‘lga qo‘yilganini yana bir bor isbotlab turibdi", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Videoselektorda yangi tadbirkorlik sub’’ektlarini tashkil qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida topshiriqlar berildi. Faoliyati to‘xtagan korxonalarni tiklash buyicha joriy qilingan tizim asosida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlarda 13 mingta tadbirkorning yer olish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, litsenziya va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish buyicha muammolari borligi aniqlangan.