Mirziyoyev afg‘on xalqi umummilliy kelishuvga erishishidan umid qilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda umummilliy kelishuvga erishish, muammoni siyosiy yo‘l bilan hal etish va buni xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirmoqda. Bu haqda davlat rahbari bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida gapirgan. 

“Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan global geosiyosiy o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda.

Prezident ushbu konferensiya o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan omillarni sanadi. 

“Birinchidan, qo‘shni mamlakatlar bilan tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, konstruktiv siyosat olib borish Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlariga javob beradi.

Ikkinchidan, biz mamlakatlarimiz va mintaqaning uzoq muddatli istiqboli, kelgusi rivojlanishining asosiy drayveri bo‘lib xizmat qiladigan barqaror savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini shakllantirish tarafdorimiz.

Pandemiya insoniyat duch kelayotgan yangi tahdidlarni kuchlarimizni birlashtirish va muvofiqlashtirish orqaligina yengish mumkinligini ko‘rsatdi.

Biz o‘zaro hamkorlikni iqtisodiyotni raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirish va innovatsiyalarni keng joriy etish orqali mustahkamlashga ob’ektiv ehtiyoj sezmoqdamiz.

Uchinchidan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini amalda ta’minlashning muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi.

Ishonamizki, mintaqaviy sherikligimiz ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, uning iqtisodiy tiklanishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun Afg‘oniston o‘zining eng yangi tarixidagi muhim burilish davrini boshdan kechirmoqda.

Biz donishmand afg‘on xalqi umummilliy murosaga erishish yo‘lida o‘zaro kelishuvlarga tayyor ekanini namoyish etishiga aminmiz.

Afg‘on zaminida ko‘pdan buyon kutilayotgan tinchlikka erishish uchun mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish va bu jarayon xalqaro hamjamiyat tomonidan har taraflama qo‘llab-quvvatlanishi prinsipial muhim ahamiyatga ega.

Bu Afg‘onistonning umummintaqaviy jarayonlarga integratsiyasi uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi.

To‘rtinchidan, xavfsizlik va barqarorlik – mintaqalarimizning izchil rivojlanishi va o‘zaro aloqalarimiz mustahkamlanishining asosiy shartidir.

Bizning xavfsizligimiz bo‘linmasdir va uni faqat konstruktiv muloqot hamda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali ta’minlash mumkin”, deydi Prezident Mirzizyoyev.

Eslatib o‘tamiz, konfrensiyada Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon ham ishtirok etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing