Mirziyoyev 30 yil Armaniston mustamlakasida bo‘lgan Shushaga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ozarbayjonga bo‘lgan davlat tashrifining ikkinchi kunida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi hamrohligida Shusha shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, oliy martabali mehmonlar shahar bilan tanishuvni 1883 yilda barpo etilgan Soatli masjididan boshlagan. So‘ng Ozarbayjon umummilliy yetakchisining yuz yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Haydar Aliyev va Qorabog‘” fotoko‘rgazmasi bilan tanishgan.

Shuningdek, davlat rahbarlari Shushaning bosh maydonida bo‘lib, bu yerda Ozarbayjon madaniyatining atoqli arboblari – Xurshidabonu Notavon, Bulbul, Uzeyir Xojibeylilarning byustlarini ko‘zdan kechirgan.

O‘zbekiston tomoni katta qiziqish bilan shahar aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelgan “Xon qizi” bulog‘i, Ozarbayjonning taniqli san’at arbobi Bulbulning uy-muzeyi, “Mehmondorovlar uyi” me’moriy yodgorligi hamda o‘tmishda otchoparlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilgan mashhur Jidir tekisligi bilan tanishgan. 

Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi dasturidagi tadbirlar yakunlanib, Toshkentga yo‘l olgan.

Ma’lumot uchun, Shusha “Qorabog‘ durdonasi”, “Kavkaz san’ati markazi” va “ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan ma’lum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va san’at arboblarining vatani hisoblanadi.

Shahar 2021 yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti, 2023 yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e’lon qilingan. Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ilhom Aliev Shusha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing