Mirziyoyev 2 yil oldin yopib yuborish kerak degan zavod o‘tgan yili 1 trln 375 mlrd daromad qilgan

Jamiyat

262A5353

QALAMPIR.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, UzAuto Motors zavodi 2019 yilda 1 trln 375 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. Bu haqda Asakada joylashgan UzAuto Motors’ga uyushtirilgan media-tur davomida tashkillashtirilgan Matbuot anjumanida zavod bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Jurnalistlar tomonidan zavod rahbariga, 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida Asaka shahrida ham bo‘lib, zavod faoliyatini keskin tanqid ostiga olgani eslatildi va Rustam Rajabovdan prezidentning “Zavodni yopib yuborish kerak”, deya bildirgan keskin tanqidiga izoh so‘raldi.

“Prezident o‘shanda bizni to‘g‘ri tanqid qilgan edi. Hammangizga ma’lumki, o‘sha paytlarda 3-4 yil zararga ishlab qolgan edi. Sababi eksport qilishda pala-partishlikka yo‘l qo‘yilgan. Rossiyada va boshqa bir qator MDH davlatlaridan minglab avtomobillarimiz sotilmay qolgan edi.

Prezident bugungi jamiyatdagi har bir tizimni yaxshi o‘rganib chiqqan inson. O‘z vaqtida bizni to‘g‘ri yo‘lga qaytara oldi. Oxirgi ikki yil davomida biz sezilarli o‘sishga erishdik. Masalan, 2018 yilda 2016 yilga nisbatan 1 yarim barobar ko‘proq avtomobil ishlab chiqardik. O‘tgan yilda bizning sof foydamiz 1 trln 375 mlrd so‘mni tashkil etdi. Biz ikki yil ichida katta miqdorda foyda keltiruvchi kompaniyaga aylandik”, deb aytib o‘tdi Rustam Rajabov.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq UzAuto Motors rahbari zavodda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning sifati Lada avtomobillarinikidan yaxshiroq ekanini aytib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Ma’lumot uchun, endi O‘zbekiston fuqarolari istalgan paytda Asakada joylashgan UzAuto Motors zavodida avtomobil yig‘ish jarayonini kuzata olishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev UzAuto Motors Rustam Rajabov

Baholaganlar

354

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing