Mirziyoyev ham Erdo‘g‘anni yubiley bilan tabrikladi
Jamiyat
−
26 fevral
5603Bugun, 26 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qilib, uni 70 yoshga to‘lgani bilan qutladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston rahbari Turkiya yetakchisiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, birodar turk xalqi va davlatining ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilagan.
"Zamonaviy Turkiyaning barpo etilishida, global maydondagi nufuzi yuksalishida, O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarida bugungi yuqori darajaga erishilishida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘rni va hissasi alohida qayd etildi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbat davomida barcha darajalarda faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik sur’ati oshib borayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
Qolaversa o‘tgan yil yakunida qo‘shma korxona va loyihalar soni sezilarli darajada – 365 taga ortgani, Turkiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan investitsiyalar portfeli kengaygani, ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ham, tegishli ravishda o‘zaro sayyohlar oqimi ham ko‘paygani bildirilgan.
Davlat rahbarlari oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini puxta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston-Turkiya Hukumatlararo komissiyasi doirasida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish muhimligi qayd etilgan. Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Ma’lumot uchun, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1954 yil 26 fevralda Istanbulning Beyo‘g‘lu tumanidagi Qosimpasha mahallasida qirg‘oq qo‘riqlash xodimi oilasida tug‘ilgan. U 2014 yil 28 avgustdan beri Turkiyaning amaldagi Prezidenti sanaladi. Bungacha Erdo‘g‘an 2003-2014 yillarda Turkiya Bosh vaziri, 1994-1998 yillarda Istanbul meri lavozimlarida ishlagan. U iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining asoschisi hisoblanadi.
Erdo‘g‘anning 70 yillik yubileyi uchun alohida tadbir rejalashtirilmagan. Turkiya rahbari Istanbulda transport loyihasi ochilishida ishtirok etadi va 31 mart kuni bo‘lib o‘tadigan munitsipal saylovlarga hukmron partiya ijroiya qo‘mitasining tayyorgarligi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Turkiya rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagandi. Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhmedov esa Erdo‘g‘anga Turkmanistonning “Hormatly il ýaşulusy” (“Turkmaniston faxriy oqsoqoli”) faxriy unvonini bergandi.
LiveBarchasi