Mirzabek Xolmedov va Xurshid Rasulovning Isroilda ekani aytilmoqda
Jamiyat
−
07 Oktabr 2023
40941Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik aktyor va qiziqchi Mirzabek Xolmedov va taniqli xonanda Xurshid Rasulov ayni damda qurolli to‘qnashuvlar yuz berayotgan Isroil davlatida bo‘lib turgani haqida xabarlar tarqamoqda. QALAMPIR.UZ'ning izlanishlariga ko‘ra, mazkur xabarlar rost bo‘lib chiqmoqda.
Ya’ni Mirzabek Xolmedovning Instagram sahifasiga joylagan videolari uning aynan Isroil va Falastin hududlarida safarda ekanini tasdiqlaydi. Ahamiyatlisi, ushbu postlar bir vaqtning o‘zida Xurshid Rasulov tomonidan ham ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan. Vaqt tafovutini hisobga oladigan bo‘lsak, ma’lumotlarning chop etilganiga hali bir kun ham bo‘lmagan.
Videolarda Xolmedov hamda Rasulov hamrohlikda Al-Aqso va Saharo masjidlarini ziyorat qilayotgani, shuningdek, ayni damda Isroil hududidagi ko‘zga ko‘ringan manzillarda bo‘lib turganini ko‘rish mumkin.
Aktyor Ulug‘bek Xolmedov ham o‘z Instagram sahifasida otasining aynan Al-Aqso masjidini ziyorat qilayotgani aks etgan videoni 10 soat avval joylagan.
“Ayni damda dadam Al-Aqso masjididalar” deb yozgan u o‘zining sahifasida.
Mazkur hududlar hozirda HAMAS harakati hujum qilayotgan hududlardan uzoqda joylashgan bo‘lishiga qaramay, xavfsizlik darajasi haqida biror narsa deyish qiyin.
Taniqli aktyor va xonandaning hozirgi ahvoli haqidagi ma’lumotlar berib borilmasligi, ularning muxlislarida xavotir hissini uyg‘otishi mumkin. Qolaversa, bu holat ijtimoiy tarmoqlardagi asossiz xabarlarning ham keng tarqalishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi.
Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Shundan so‘ng Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.