Mirzahakim To‘xtamirzayev bilan futbolni jarlikka itargan sabablar va shaxslar haqida suhbat

Intervyu

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati saralash bosqichidagi omadsiz va muvaffaqqiyatsiz ishtirokidan so‘ng, futbol muxlislari yana jig‘ibiyron bo‘ldi. Ammo, foydasiz. Abramov ketkazildi, Ahmedov iste’fo berdi, Haydarov ham qochib qoldi... Ikki o‘rtada O‘zbekiston yana JCHdan quruq qoldi. Lekin bu hayratlanarli voqea emas.

QALAMPIR.UZ taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzayev bilan ushbu mavzu yuzasidan intervyu tashkil etdi.

Mirzahakim To‘xtamirzayev bilan videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

Ahmedovning ketishi yo‘qotish emas. 4 yil avvalgi Odil bugungisidan kuchliroq edi – Mirzahakim To‘xtamirzayev

Abdulla Mannonov, muxbir: — Bugun sizni ko‘rib turganimizdan mamnunmiz. Suhbatimiz avvalida o‘zbek sharhlovchilik maktabi haqida gaplashsak... 

Mirzahakim To‘xtamirzayev, jurnalist, sharhlovchi: — O‘zbek sharhlovchilik maktabi asoschilari sifatida Axbor Imomxo‘jayev va Roman Turpishevni e’tirof etish kerak. Chinakam katta futbol 1960 yili boshlangan. "Paxtakor" Sobiq Ittifoq chempionatiga qo‘yilgan. Safardagi uchrashuvlar radio orqali, uydagi o‘yinlar televizor orqali sharhlab borilgan. Tanlovda g‘olib bo‘lganlari uchun o‘zbek tilida Axbor Rustamovich, rus tilida Roman Abdullayevich bahslarni sharhlab borgan. Keyinchalik ularning safiga yangi sharhlovchilar kelib qo‘shilgan. 

Davlat Turdialiyev, Azim Alimov, Rahmonqul Boltayev, Husan Temirovlarning ta’sirida, keyingi avlod vakillari safga qo‘shildi. Har bir davrning o‘z uslubi bo‘ladi. Axbor Imomxo‘jayev ko‘proq radio orqali sharhlagani uchun, uni eshitib, maydondagi voqealarni ko‘z oldimizga keltirardik. Internet rivojlanmagan, televizorlardagi tasvir oq-qora rangli bo‘lgan, shuning uchun sharhlovchilar axborot manbai bo‘lishgan. 

A.M.: — Sharhlovchilarning o‘z davri bo‘lgani haqida gapirdingiz, lekin futbolchilarning davri bo‘ldimi?

M.T.: — Barcha sohada avlodlar almashinuvi bor gap. Bizning davrimizdagi odamlar haligacha 60-yillardagi futbolni sog‘inch bilan eslaydilar. Gennadiy Krosnidskiyning maydon markazidan bergan zarbalari, barchasi golga aylanmagandir, lekin u zarba berayotgan paytda darvozabonlar zir titraganini televizor orqali ko‘rganmiz. Birodar Abduraimovning burchak zarbalaridan bevosita gollar urishini sog‘inadilar. "Paxtakor" 1962 yili chempionatda 6-o‘rinni egallagan, 1967 yilda kubok finaliga chiqqan. Bu klub tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi. 1968 yilda jamoa o‘rta pog‘onalarni egallagan bo‘lsa ham, Birodar Abduraimov 22 gol bilan eng sermahsul to‘purar bo‘lgan. Uni darrov SSKA safiga olib ketishgan. Kuchli jamoalar bilan o‘yinlarda darvozasini ishonchli qo‘riqlagani uchun Yuriy Pshenichnikovni Moskvaga olib borishgan va SSSR terma jamoasiga jalb qilingan. Aksariyat futbolchilar kuch bilan markazga olib ketilgan. Faqatgina Vladimir Fyodorov 1976 yilda "Paxtakor" safida qolgan.   

A.M.: — Biz yana qancha yil shunday “dejavyu” bilan yashaymiz? 70 yillik tarix haqida gapiryapsiz...

M.T.: — Istasak, undan ham uzoqroq tarixni gapirishimiz mumkin. "Paxtakor - 79" jamoasini bizning tengqurlarimiz ko‘proq qo‘msaydi, sababi, jamoa endigina o‘z o‘yinini topa boshlagan edi. 1994 yilgi Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan terma jamoa ham faxr va iftixor bilan eslanadi. Chunki, 7 uchrashuvning barchasini hali Osiyo miqyosida barcha tanib ulgurmagan O‘zbekiston yutgan edi. Yarim finalda Janubiy Koreya darvozasiga supergol urilgan o‘yin yoki finalda Xitoy mag‘lub etilgan bahsni hozirgi o‘yinlardan yaxshiroq ko‘rinadi. Server Jeparov, Aleksandr Geynrix, Timur Kapadze, Odil Ahmedovlar davridagi jamoa ham ko‘pchilikka manzur bo‘ladigan o‘yinlar o‘tkazgan. 

Rauf Inileyev murabbiyligida 2007 yilgi Osiyo chempionatida chorak finalga qadar yetib borgan. 2008 va 2011 yili Server Jeparov Osiyoda eng yaxshi futbolchi, deb topilishi bejiz emas. Xuddi shu avlod 2011 yilda Qatar mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Natija o‘z yo‘liga, biroq o‘sha jamoaning o‘yini muxlislarga yoqqan edi. Keyinroq, Yaponiya va Eron terma jamoalari mag‘lub etildi. Bu o‘zbek futbolining o‘sayotganidan dalolat berardi. Hozir esa Jahon chempionatining 3-saralash bosqichiga chiqolmay o‘tiribmiz. Demak keyingi avlod, avvalgilaridan kuchsizroq ekan.

A.M.: — Avlodlar almashinuvi davri kelmadimi?

M.T.: — Tarkibni butunlay almashtirib bo‘lmaydi. Agar faqatgina yoshlardan iborat jamoa tuzilsayu ular mag‘lub bo‘laversa, o‘zlariga bo‘lgan ishonch yo‘qolib boraveradi. Hozir ham avlodlar almashinuvi davri ketmoqda. Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunladi, Oleg Zoteyev va Vagiz Galiulin tarkibga jalb qilinmaydi.

A.M.: — Odil Ahmedovning ketishi terma jamoa uchun yo‘qotishmi?

M.T.: — Nazarimda, hozirgi Ahmedovning ketishi yo‘qotish emas. Istaymizmi-yo‘qmi, butun dunyoda futbolchilar 30 yoshdan o‘tgach, avval terma jamoada, so‘ngra klublardagi faoliyatini yakunlaydi.

Tabiiyki, bundan 4 yil avvalgi Odil bugungisidan kuchliroq edi. Odilni yaxshi ko‘raman, u ham meni yaxshi ko‘radi, degan umiddaman. Munosabatimiz yaxshi, lekin u o‘z davrida o‘zbek futboliga beminnat xizmat qildi. O‘rnak va ruhlantira oladigan kuch sifatida gavdalandi. 2011 yilda katta pullar evaziga arab klublariga o‘tmasdan "Anji"da, undan so‘ng "Krasnodar"da va katta summa evaziga "Shanxay SIPG" klublarida doimiy asosiy tarkibda maydonda harakat qilishi, boshqalarga o‘rnak. Futbol ortidan o‘zbek xalqining sevimli Odiliga aylandi. 

To‘raqo‘rg‘onda o‘zining futbol akademiyasini ochdi. Hozir Toshkentda uning bo‘limlari faoliyati yurityapti. Ularda shug‘ullanayotgan bolalar keyingi Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlariga qadar yetuk futbolchilarga aylanishlari uchun butun jamoa harakat qilyapti. U aytmoqchi bo‘lgan fikr, mening nazdimda, “futbolga hammaning qayg‘urishi, Vatan futboli uchun o‘z manfaatlarini o‘ylamasdan harakat qilib, uni ko‘tarish uchun ishlasa”, degan ma’noda. Unga alam qilgan. U shuning uchun ham, "Agar hozir o‘zgarmasak, har to‘rt yilda uzr so‘rab yuraveramiz", degan.

A.M.: — Odil Ahmedovning gaplaridan qanday signal oldingiz? Aytilgan gaplarining aytilmagan nimkosasi nima edi?

M.T.: — Odilning ko‘nglidan nima o‘tganini faqat uning o‘zi biladi. Odilning armonlari haqida gap ketsa, Mirabror Zufarovich viloyatlarda maydonlarni shakllantirib berdi. Asosiy zarur bo‘ladigani bu maydon hisoblanadi. Biroq, milliy terma jamoaning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uchun bazasi yo‘q. Qurilishi rejalashtirilgan, har xil sabablarga ko‘ra muddati cho‘zilyapti. Birinchisi, terma jamoalar uchun baza kerakligi. Ikkinchisi, jamolarni shakllantirish va musobaqalari o‘tkazishda oshkoralik va shaffoflik. Avvalgiga nisbatan kamaygandir, biroq yon bosishlar hali ham bor. Sotib olingan, deyish fikridan yiroqman. Hakamlarimiz qaror chiqarishda, mutasaddilarimiz esa sharoit yaratishda yon bosishadi. 

So‘nggi hafta voqealari haqida gapiraylik, stadion yoritgichlarining nosozligi sabab, "Andijon", Toshkentda, "Surxon" AGMK maydonida o‘yin o‘tkazyapti. Mehmon rolidagi jamoa o‘z uyida o‘ynayapti. Klub rahbarlari neytral maydonni ijaraga olish uchun pul sarflagisi kelmagandir, lekin, o‘z-o‘zimizni aldayapmiz-ku. PFL qat’iyat, prinsipiallik degan tamoyilini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Nima uchun yoritgichlari yaxshi holatda bo‘lmagan stadionlarni yil boshida qabul qilyapti? Nima uchun dabdalasi chiqib yotgan Navoiydagi maydonda futbol o‘ynalyapti? Buni hamma ko‘rdi.

O‘tgan yili "Qo‘qon" va "Navbahor" stadioni yaxshi holatga kelguncha mehmonda o‘yin o‘tkazdi, bu yil esa "Qizilqum"ga ruxsat berildi. Sabab nima? Qayerdadir kimgadir qat’iy talab qo‘yilyapti-da, kimgadir qo‘yilmayapti. 

A.M.: — Yoki talablar umuman ishlamayapti... 

M.T.: — Albatta, terma jamoaning ish faoliyati shakllantirilib, o‘sha faoliyati bo‘yicha ishlashi kerak. Jahon futbolida, terma jamoalar qachon, kim bilan, soat nechada o‘ynashigacha belgilab qo‘yiladi. Tasdiqlangan dasturga muvofiq murabbiy ehtimoliy raqiblarining uslubiga yaqin jamoalar bilan o‘yin o‘tkazish uchun kelishuvga erishadi. Xuddi shu narsani nima uchun, biz qilmaymiz? Nimaga bizda keyingi raqibimiz haqida hech narsa yo‘q. 

Sharoitlarni og‘zimizni to‘ldirib aytish uchungina yaratib beryapmiz. Pandemiya vaqtida bir necha marta yig‘in tashkil etildi. Assotsiatsiyaning qanchalab puli ketdi. O‘sha tarkibga kimlar jalb qilindiyu qaysi legionerlar keldi? Maydonga tushiriladigan futbolchilarning yarmi yo‘q yig‘in tashkil qilamiz. Ular kim uchun bo‘lyapti? Mutasaddilari shu narsalarni bilmaydimi? Agar qolganlarning tajriba orttirishi uchun tashkil qilinayotgan bo‘lsa, nima uchun ular tajriba orttirmayapti? 

A.M.: — Mana shunday gaplar “ichkarida” ham ovoz chiqarib aytiladimi?

M.T.: — Aytiladi va kabinetdagilarning barchasi buni yaxshi biladi. Chet elda o‘ynaydigan legionerlar o‘yinini kuzatish uchun terma jamoa bosh ustozi bir haftaga Belarusga borib keldi. Bu vaqt legionerlarni kuzatish uchun yetarlimi? Albatta, yo‘q!

Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlarda bir nechta futbolchilarimiz o‘ynaydi. Ular haqida, faqatgina saytlar orqali, xabardormiz xolos. Ular gol ursa, yoki golli pas bersagina bilamiz. Umuman olganda, 90 daqiqa qanday o‘ynadi, mana shunisi muhim. Terma jamoalar bo‘limida futbolchilarning o‘yinlarini tahlil qila oladigan bunday guruh yo‘q. 

A.M.: — Buni kim qilishi kerak? “Janob, To‘xtamirzayev, keling, tahlilni boshlang”, deyishsa tayyormisiz? 

M.T.: — Biz jurnalistmiz, bu aslida futbol mutaxassislarining ishi. Jismoniy tayyorgarlik uchun javobgar maxsus guruhlar bo‘lishi kerak. Yevropa futbolchilari 11-12 kilometrlab yuguryapti. Nima uchun terma jamomizning o‘yini 60 daqiqadan keyin ortga qarab keta boshlaydi. Shularni tahlil qiladigan guruh qani?

A.M.: — Odil Ahmedov o‘zbek futboli haqida konferensiyada gapirib o‘tdi. Faoliyatini yakunlashi, bolalar futboli haqidagi fikrlari juda ko‘p narsaga signal, aslida. Shuni bildimki, Ahmedovning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, ularga yaratilayotgan sharoitlar va futbolchilarni eshitish masalalari xususida aytar gapi ko‘p edi, menimcha. Futbolchilar va murabbiyni ayblayapmizu, aslida ular bilan ishlaydigan tashkilot haqida hech narsa demayapmiz. Vaholanki, Ravshan Ermatov futbol maydonidan chiqqan. U futbolchilar dardini ko‘proq tushunishi kerak edi. 

M.T.: — Global ma’noda qaralsa, bizda tizim yo‘q. Buni tan olishimiz kerak. Murabbiylarni tanlash va tayinlash kategoriyasi ham yo‘q. Aytaylik, bolalar va yoshlar jamoasida qaysi murabbiy ishlashi va qanday talabalarga javob berishi kerak. Har bir yosh toifasidagi jamoalar darajasi ham bir xil bo‘lishi kerak. O‘smirlar terma jamoasining shakllanishida, qaysi jamoa kuchli bo‘lsa, o‘sha jamoaning bosh murabbiyi bosh murabbiy etib tayinlanadi va tabiiyki, o‘z shogirdlarini va Toshkent chempionatida ko‘rgan futbolchilarini o‘ynatadi. Viloyatni kezish imkoni unda yo‘q.

To‘g‘ri, viloyatlardan kelgan futbolchilar bo‘lishi mumkin, biroq ota-onasi yoki murabbiyi olib kelganlari, xolos. Yana qancha iste’dodlar kashf qilinmadi. Timur Kapadze futbolchilik faoliyatini tugatdi, "Lokomotiv"da o‘rinbosarlar jamoasiga ustozlik qildi. Salohiyatli, tajribali mutaxassisga aylandi. Babayandan so‘ng, terma jamoa murabbiysiz qolgan paytda u murabbiylik qildi. Keyinchalik Kuper olib kelindi. Hozir "Olimpik" jamoasi bilan ishlayapti. Keyingi Olimpiadaga tayyorlanayotgan jamoaning o‘zagi sifatida e’tirof etyapmiz. Ukrainada Lobanovskiy Xotira turnirida g‘alaba qozonib keldi, ertaga Olimpiya terma jamoasiga nomzodlarni o‘zi murabbiylik qilayotgan jamoadan tanlab oladi. "Olimpik" Pro-ligada "Neftchi", "Xorazm", Sho‘rtan kabi klublar bilan o‘ynayapti, Timur esa, faqat shularni ko‘ryapti. 18 yoshgacha bo‘lganlar chempionatini ko‘rgani vaqti yo‘q.

A.M.: — Avvallari, futbolchilar klublari uchun milliy terma jamoada o‘zlarini ayagan holda o‘ynaydi, qabilidagi gaplar qulog‘imizga chalingan edi. Bu qanchalik haqiqat? Ahmedov ham shu yo‘ldan yurganmi? 

M.T.: — Bilasizmi, bu gap barcha zamonlarda o‘yini qovushmagan terma jamoalarning hammasida bo‘lgan. Bu haqiqatdan yiroq fikr. Odil Ahmedovdan avval terma jamoada to‘p tepgan Maksim Shatskix "Dinamo Kiyev" safida Yevropa chempionlar ligasida yetakchi hujumchi sifatida o‘yin ko‘rsatgan va gollar urgan. O‘zbekiston terma jamoasiga kelgan paytda, muxlislar bugun Eldor Shomurodovdan kutganlaridek, u bor, raqib darvozasini ishg‘ol etadi va biz g‘alaba qozonamiz, deb o‘ylashgan. Agar jamoa mag‘lub bo‘lsa, ishqibozlar Maksim, Odil va Eldor singari futbolchilar haqida, "klubida millionlarni olish uchun, oyog‘ini ayadi, o‘zini ayadi", deb gapira boshlaydi. Bo‘lmagan gap!

Biz boshqa tomonini inobatga olmayapmiz: ular bilan bir klubda o‘ynaydigan sheriklari darajasidagi futbolchilar terma jamoamizda yo‘q! Futbol jamoaviy o‘yin. Yakka sport turlarida boks va dzyudo kabilarda O‘zbekiston vakillari deyarli barcha musobaqalarda medallarni qo‘lga kiritmoqda. Biroq futbolni 11 kishi o‘ynaydi. Himoyachilar ishonchli o‘ynashlari, yarim himoyachilar qulay tarzda hujumchilarga to‘pni yetkazib, doimiy ravishda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari kerak. Misol uchun Inesta va Xavi "gullagan" paytdagi Messi qay darajada o‘ynardiyu, hozirgisi qay darajada o‘ynayapti?!

Shu jihatdan olib qarasak, hech bir futbolchi Vatani uchun hech qachon jonini ayamagan.

A.M.: — Milliy terma jamoaga xorijdan murabbiy olib keldik, haydadik, quvdik. Ular ham tekinga ketishmadi, milliardlab pullar sarflandi. Eng yomoni har doim vaqt yo‘qotilyapti. Murabbiylar paypoq almashtirigandek, almashtirildi. Balki ularga imkon berish kerakdir? Tabiiyki, sport butun dunyoda korrupsiyalashgan soha sifatida ko‘riladi. Futbolchini, maydondagi vaziyatni qo‘yavering, nahotki murabbiy tanlashda 30 yil ichida tajriba orttira olmagan bo‘lsak?

M.T.: — Intervyu boshlanishidan avval, yigitlar bilan bir jihatga e’tibor qaratdik. Odamlar: "34 million aholining ichidan 11 tagina to‘p tepadigan topilmadimi?", degan gapni ko‘p aytishadi. Kulaman: Xitoy 1,5 milliarddan topolmayapti. Yevropa chempionatida dastlabki ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan, so‘ngra o‘yindan o‘yinga kuchayib borayogan Daniyada 5,5 millionga yaqin aholi yashaydi. Mentalitet va tizim bo‘lishi kerak,bu esa o‘tgan 30 yil davomida ishlab chiqilishi shart edi. 

A.M.: — Nima uchun tizim yaratilmadi? Siz ko‘p “ichkarida” bo‘lasiz. Sizdan ko‘pchilik fikr so‘raydi.

M.T.: — Nima uchun tizim yaratilmadi? Mirabror Zufarovich rahbarlik qilgan davrda Babayanga oxirigacha imkoniyat bergani uchun unga qancha toshlar otildi. Oxirgi ikki o‘yinidan avval Davron Kabulov o‘z uyini o‘rtaga qo‘yib, terma jamoa bosh murabbiyligini so‘ragandi. Babayanga esa oxirigacha ishonilgan. Chunki almashtirib yuborilsa, o‘zining yani kelganini bahona qilishi mumkin edi. Aslida sikl boshlanishidan avval murabbiy masalasini hal qilish va oxirigacha imkoniyat berish kerak. Lekin tanlovda ehtiyot bo‘lish – eng asosiy ish. 

Xorijlik murabbiy kerakmi, marhamat deyildi-da, Ektor Kuper bosh murabbiylikka olib kelindi. Kuper nima qildi? O‘zbek futbolining eng zaif nuqtasi himoya chizig‘i ekanini aytdi. Ko‘pchilik himoyani tuzatishni kutgandi, lekin u ham avvalgi tarkibdagi himoyachilardan foydalandi. Yangi himoyachilarni kashf qilmadi. 

A.M.: — Qaysidir ma’noda himoyani yaxshiladi, avvallari oltitalab gol o‘tkazganganmiz. Avstraliya bilan 0:0 hisobni eslang...

M.T.: — Kechirasiz, 2011 yildagi Avstraliya bilan 2019 yildagisini umuman solishtirib bo‘lmaydi. Ular juda zaiflashgan. Avval Angliya premer ligasida o‘ynaydigan futbolchilari qancha ediyu, hozir qancha? Istalgan jamoa bilan basma-bas bellasha oladigan Avstraliyaning qo‘lidan hozir bu ish kelmaydi. Bu jamoadan gol o‘tkazmaganimizni yutuq, deb hisoblamaslik kerak.  Yana bir tomoni, Kuper davrida yarim himoya va hujumda biror bahsda ma’noli o‘yin ko‘rmadik. 

Abramov esa, kuchli tomonimizdan ko‘proq naf chiqarishimiz kerak degan g‘oya bilan keldi. Hujumkor futbol namoyish etildi. Bunday jamoa barchaga yoqadi. Toshkentda hisobda oldinda borib, yakunda Saudiyadan mag‘lubiyatga uchralmaganda, bugun balki Abramovni maqtayotgan bo‘lardik. Keling, buni ham ochiqchasiga tan olaylik. 

Vadim Abramov iste’foga chiqarilgach, yana Timur Kapadze yoki Ro‘ziqul Berdiyev tayinlanadimi, deb turibmiz. Bizda hamma go‘yo futbol mutaxassisi, hatto murabbiydan ham teparoqda. Barcha xatolarni tan olgan holda xorijdan murabbiy olib kelinishi kerak.

A.M.: — Kimni?

M.T.: — Bu boshqa masala. Menga qolsa, endi o‘sib kelayotgan va o‘zining kimligini isbotlashga harakat qilayotgan germaniyalik mutaxassisni olib kelardim. Yurgen Gyode kelishi haqida gap-so‘zlar chiqdi. U 20 yil avval yoshlar terma jamoasiga Borisovning yordamchisi sifatida kelgan va futbolchilarni 2003 yilgi Jahon chempionatiga tayyorlagan edi. Keyin Xitoy mezbonlik qilgan Osiyo chempionatiga Ravshan Haydarovning yordamchisi sifatida jamoani olib bordi. Gyodening ta’siri sezildi. Lekin u murabbiylik qilgan davda ham yutqazdik, Jahon chempionatiga chiqolmadik. So‘ngra iste’foga chiqardik. Lekin hozirgi Gyodeni emas, unga o‘xshagan yoshroq mutaxassisni olib kelish kerak. 

A.M.: — Kuni kecha Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets olib kelinishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi... 

M.T.: —  Bolqonliklar orasida ham yaxshi mutaxassislar bor. Katanets O‘zbekistonda ishlashga qancha chiday olarkan, degan savol tug‘iladi. Ruhiyat nuqtayi nazaridan olib qarasak, nemislar bitta saralash bosqichiga shartnoma imzolasa, oxirigacha jamoani boshqaradi. Bolqonliklarga millionlarni bersak, ertaga boshqalar undan ko‘proq to‘lasa, bahona topib, ular tarafga o‘tib ketishlari ehtimoli yuqori.

A.M.: — Milliy terma jamoaning avvalgi murabbiylaridan qaysi biriga ishonganmiz, Abramovgami?

M.T.: — To‘g‘risi, Kuper ketgan vaqtda bizdagi murabbiylar ichida Abramovdan munosibrog‘i yo‘q edi. Yevropa chempionatida qoniqarsiz natija qayd etgan Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov o‘z o‘rnida qoldi. Futbolchilarning saviyasi yetarli emas, deya baholandi. Biz esa jamoamiz g‘alaba qozongan kuni futbolchilarni ham, murabbiylarni ham ko‘klarga olib chiqamiz. Mag‘lubiyat bo‘lgan kuni esa, yer bilan bitta qilamiz. So‘nggi o‘yinda Vadim Korlenovichning qarorini tushungani yo‘q, to‘g‘risi. 

Singapur bilan o‘yinga 20 soat qolganda yetib borib, g‘alaba qozongan Abramovga tan berganman. Samolyotda undan so‘ragandim: “Federatsiya shu darajada puldan qiynalganmi?”, dedim. U esa, agar yaqinroq davlat bo‘lganida o‘yin kuni uchib kelardim. Bu yerda nam havo bo‘lgani sababli futbolchilarni asragim keldi. Mana ko‘rasiz, ertaga mashg‘ulotsiz o‘yinga chiqamiz, dedi. Yakunda O‘zbekiston 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Sanjar Qodirqulov haqida “u terma jamoaga kerak emasdi” qabilida ko‘p gapirishdi. Falastinga mag‘lub bo‘lgan jamoa Yamanni yirik hisobda mag‘lub etishida Qodirqulov dastlabki daqiqalarda kiritgan golning hissasi bor. Futbolchilarimizning ruhiyati barqaror emas. Jamoa yutayotgan bo‘lsa, barcha yaxshi o‘ynaydi, hisobda ortda qolayotganimizda, yetakchilikni qo‘lga olib, jamoani oldinga boshlaydigan lider yo‘q. 

A.M.: — 2019 yildan beri ko‘tarilib qolgan bitta mavzu bor: futbolchilarning jismoniy holati va yeb-ichishi qay darajada ta’minlangan? Ular o‘z sog‘liklariga qay darajada e’tiborli va zararli odatlardan yiroq?

M.T.: — Katta futbolda oziq-ovqat bilan bog‘liq muammo yo‘q. Bolalar futbolida esa bu muammolar bor. Bunyodkor rahbari, Ulug‘bek Mirzayev, bolalar maktabidagi futbolchilar sonini kamaytirmoqchimiz, ularning oziq-ovqatlari va yashash sharoitlarini yaxshilab beraylik, degan fikrni ilgari surdi. Oziq-ovqat uchun balki pul topish qiyin bo‘layotgandir, lekin, ekipirovka bilan bog‘lik muammo deyarli yo‘q. Futbolda ta’minot muammosiz amalga oshiriladi. 

A.M.: — Futbolchilar o‘zini-o‘zi qay darajada asrayapti? Ularning ichish yoki chekishini aniqlash imkoni yo‘qmi?

M.T.: — Istaymizmi, yo‘qmi, futbolchilar ham yosh yigitlar. Murabbiyning aytganini bajarishadi, balki dam olgisi kelar. Murabbiy futbolchilarning hammasi bilan birma-bir gaplasha olmaydi. Sportchilar orasida 1-2 tasi o‘zicha zararli odatlarga o‘rganmagan bo‘lsa, 90 foizi ichmaydi va chekmaydi. 

A.M.: —  90 foizi...

M.T.: — Hammasi uchun javob bera olmayman. Ko‘rganim uchun gapiryapman. Ular o‘zlariga dushman emas. Bizda bor smartfon ularda ham bor, bo‘sh vaqtlarida, kino, musiqa, internet va hokazolarga vaqt sarflashlari xam mumkin.

Bir kuni qorlari chetga kurab qo‘yilgan sun’iy qoplamali maydonda ikkita jamoa o‘yin o‘tkazyapti, faxriylar kengashi o‘yinni tomosha qilyapti. To‘p kurab qo‘yilgan qorning orqasiga tushdi. Futbolchi maydon ma’muri kelib to‘pni olmaguncha kutib turdi. Bu faxriylarning ensasini qotirdi. "Shunchalik ham o‘zini ayaydimi, shu qadar nozik bo‘ladimi, biz asfalt, ko‘mir kukuni sepib qo‘yilgan maydonlarda o‘ynaganmiz. Ularga hamma sharoit qilib berilyapti, qordan sakrab o‘tib, to‘pni ololmayapti”, deyishdi.

Faxriy futbolchilarning suhbati bevosita o‘zlari to‘p tepgan davrga burildi. Birodar Abduraimov har kuni ikki soatlik mashg‘ulotlar tugab bo‘lganidan so‘ng, Vladimir Shterndan u bilan birga yarim soat qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tkazishni so‘rar ekan. Birodar Hasanovich aldab o‘tishni, Shtern esa to‘pni olib qo‘yishni mashq qilar ekan. “Paxtakor”ning eng zo‘r hujumchi va himoyachisi mydonda qolib shu tarzda o‘z ustida ishlagan. “Meni ko‘ndirish uchun kuniga bir kosa lag‘mon olib berardi”, degan edi Shtern. Birodar Abduraimov, boshqa kunlari darvozabon Yuri Pshenichnikovga iltimos qilib, mashg‘ulotlardan so‘ng, o‘z ustida ishlashni taklif qilgan ekan.

A.M.: — Demak, ular qo‘shimcha ravishda o‘z ustida ishlaganlar?

M.T.: — Hozirgi futbolchilarga xuddi shu narsa yetishmayotgandek ko‘rinadi. Misol uchun, Krishtianu Ronaldu haqida ko‘p gapirishadi. U 36 yosh bo‘lsa ham 21-22 yoshdagilardek harakat qiladi. Bir jamoadoshi, uning uyiga mehmonga borib, mashg‘ulotdan so‘ng uyida yana mashg‘ulot o‘tkazishini ko‘rgan. Hozir ham uning xaridorlari bor. Bizda esa futbolchilar, o‘smirlik yoshidan so‘ng, arzimagan moddiy manfaat evaziga u jamoadan, bu jamoaga o‘tib yuribdi. Ronaldu samolyot oldi, mashinalarini sanasangiz barmoqlaringiz yetmaydi. Odil Ahmedov ham topgan pullarini foydali ishlarga yo‘naltirgan. Qolganlar ham unga o‘xshashga intilishi kerak. Ertaga boshqalardan kuchli ekanini yaqqol ko‘rsata olsa, O‘zbekistonda qolmaydi, olib ketishadi. Eldor Shomurodov "Rostov"dan "Jenoa"ga ketdi-ku. 

A.M.: — Futbol borasida savollarimiz juda ko‘p. Bu safargi muvaffaqqiyatsizlikdan so‘ng, asosiy tosh rahbariyatga otilyapti. Jahon tajribasidan ma’lumki, bunday mag‘lubiyatdan so‘ng butun jamoa ishdan olinadi. Odil Ahmedov va Aziz Haydarovning iste’fosi O‘FAga qilingan boykot emasmi?

M.T.: — Yo‘q. Ahmedov bundan 4 yil avval xam ketishi mumkin edi. Chunki yosh o‘z ta’sirini o‘tkazadi. U jamoaga nafi tegishini his qilgani uchun yana to‘rt yil yurdi. Bo‘lmasa, muxlislarning eng katta auditoriyasi tayanch yarim himoyasida o‘ynagan Otabek Shukurovga e’tiroz yo‘q, deyapti. Shukurov va Odil markaz futbolchilari, himoyada o‘yinchi yo‘q. Hatto, Odilning ukasi Azim Ahmedovni ham sinab ko‘rishdi. Rustam Ashurmatov Saudiya bilan o‘yinda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi, aslida mehnatkash yigit. Yo‘qsa, Koreyada non topib yeya olmasdi. Vaqti kelib, o‘sar, lekin avvaldan bizda himoya muammo bo‘lgan. O‘sha muammolarning oldini olish uchun hamma ishlashi kerak, faqatgina terma jamoalar bo‘limi emas. 

Aziz Haydarovning ketishi – boykot emas. U futbolchi sifatida o‘zbek futboliga ko‘p narsa berdi. Terma jamoalar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani uchun, Aziz javobgar. Iste’foga chiqishi esa, natijaga erishilmagani sababli. 

A.M.: — Terma jamoaga doimo vazifa qo‘yiladi: ilinib bo‘lsa-da Jahon chempionatiga chiqish. Biz mundial sababli futbolchilarimiz Yevropa klublari nazariga tushadi, deb o‘ylaymiz. Lekin 2018 yilda Panama termasi singari sharmandali natija qayd etilsa, qo‘yilgan vazifalardan nima foyda. Rahbariyatga bu fikrni singdirish kerakmi yoki xalqing fikrini o‘zgartirish?

M.T.: — Xalqning fikrini o‘zgartirmaslik kerak. Futbol xalq uchun. Bo‘lmasa, nima keragi bor? Jahon chempionatiga ilinib chiqish va sharmanda bo‘lish haqida o‘ylamaslik kerak. Avval hech bo‘lmasa, bir marta chiqaylik, muntazam chiqishni hamma xohlaydi. O‘zbek futboli boshqalardan bir bosh baland, deb o‘ylardim. Avvallari 5 yoki 6-jamoa sifatida ko‘rilardik, lekin hozir 13 ta jamoaning orasida yo‘qmiz. Keyingi safar Osiyo uchun 8-9 ta o‘rin berilgan taqdirda ham hozirgi mavqeimiz bilan JCHga chiqa olmaymiz. Munosib o‘yin ko‘rsatish uchun tayyor bo‘lib chiqish kerak. Barcha futbolchilar Yevropa jamoalarining nazariga tushmas, avval ikkitasi kuchliroq klubga o‘tsa, qolganlar ham shunga qarab harakat qiladi.

A.M.: — Agar futbol muxlislariga bugungi suhbatdan kelib chiqib aytadigan gaplaringiz bo‘lsa, bemalol fikr bildirishingiz mumkin... 

Qadrli futbol ixlosmandlari, futbol, baribir, oddiy bir o‘yin. Biz uni yaxshi ko‘ramiz, ba’zida asablarimiz dosh bermaganida, ularni so‘kamiz. Mayli so‘king, lekin haqorat qilmang. O‘sha jamoada faoliyati yuritayotganlar yutqazaman, deb maydonga chiqmaydi. Biz maksimalistmiz, faqat yutishni o‘ylaymiz. Faqat yutish uchun boshqa sohalarda ham raqobat qila olishimiz kerak. O‘zimizga savol beraylik: vazifamizni nechog‘lik bajardik. 

Sportimiz esa Olimpiada o‘yinlarida MDH davlatlari orasida Rossiyadan so‘ng, ikkinchi, Osiyoda Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin to‘rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rinni egalladi. Demak amallasa, bo‘lar ekan. Sportda erisha oldikki, uning bir bo‘lagi bo‘lgan futbolda ham erisha olamiz. Ozgina sabr-qanoat va hurmat kerak. O‘shanda hammasi yaxshi bo‘ladi. So‘zimni barchaga tanish bo‘lgan ibora bilan yakunlamoqchiman: omad siz va bizni aslo tark etmasin!

Mirzahakim To‘xtamirzayev bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Ravshan Ermatov O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Odil Ahmedov Aziz Haydarov Mirzahakim To'xtamirzaev

Baholaganlar

97

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing