Miroboddagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Joriy yilning 30 iyul kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida amalga oshirilgan qurilish ishlari o‘rganildi. Natijada noqonuniy qurilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Aniqlanishicha, “Mahalla” xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik “ Al-Latif Hearts Tower” MCHJ tasarrufiga o‘tkazilgan hamda rekonstruksiya va qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun tegishli ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Biroq “Lolazor” MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar aholisi mazkur hududda yangi bino qurilishiga qarshilik bildirgan. Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi bekor qilingan. Shunga qaramay, 2026 yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yil 27 iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan “ Al-Latif Hearts Tower” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu mahallaga borib, Toshkent shahridagi bolalar maydonchalari, umumiy foydalanishdagi hovlilar va yashil hududlarda noqonuniy qurilgan ob’ektlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilishini va qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, aybdorlar, zarur bo‘lsa, ozodlikdan mahrum etilishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligida shaharda dizayn-kod borasida olib borilayotgan ishlarni sharmandali deb atagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing