“Lolazor”dagi qurilish mojarosi: bolalar maydonchasi nega buzildi? (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasida bolalar maydonchasi hududida qurilish ishlari boshlanishi mahalla aholisi e’tiroziga sabab bo‘ldi. Fuqarolar ushbu hududni saqlab qolish va qurilishning qonuniyligini tekshirishni so‘rab mutasaddi idoralarga bir necha bor murojaat qilgan. QALAMPIR.UZ muxbiri ushbu hududga borib vaziyatni o‘rgandi.

Joriy yilning 30 iyul kuni o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mazkur yer maydoni dastlab “Mahalla” xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgani, keyinchalik esa “Al-Latif Hearts Tower” MCHJga berilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng hududni rekonstruksiya qilish hamda qo‘shimcha bino va inshootlar barpo etish uchun ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shu bilan birga, “Lolazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi aholi mazkur qurilish loyihasiga qarshi chiqqan. Bundan tashqari, investor bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi keyinchalik bekor qilingan.

Shunga qaramasdan, joriy yilning iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydonga ega bino buzib tashlangan. Tekshiruvlarda ushbu harakat oqibatida davlat manfaatlariga sezilarli miqdorda zarar yetkazilgani aniqlangan.

Ushbu holat 30 iyul kuni kechqurun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan. U Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga tashrifi davomida bolalar maydonchasi buzilgani, ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlangani hamda hududda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Oradan bir kun o‘tib, 31 iyul kuni Saida Mirziyoyeva mazkur masala yuzasidan o‘zining Telegram-kanalida munosabat bildirdi.

Uning aytishicha, aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolari qurish uchun emas, balki o‘zining asl vazifasiga xizmat qilishi kerak.

“Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga borganimizda, mahalla aholisi ekkan daraxtlar shafqatsizlarcha kesib tashlanganiga guvoh bo‘ldik. Bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurish rejalashtirilgan. Qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, bolalar o‘yin va sport maydonchalari birin-ketin yo‘qolib bormoqda”, deya yozgan Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, u Bosh prokuraturaga Toshkent shahri bo‘ylab shunday ob’ektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirilganini ma’lum qilgan.

QALAMPIR.UZ muxbiri “Lolazor” mahallasida yashovchi fuqaro bilan suhbatlashdi. Aholi vakili ushbu hududda qurilish boshlanishidan oldingi holat, yuzaga kelgan e’tirozlar va ular murojaat qilishga sabab bo‘lgan omillar haqida so‘zlab berdi.

Mahalla aholisi vakillarining aytishicha, qurilish boshlanishidan avval ushbu hududda bolalar maydonchasi, yashil hudud va mahalla ahli tomonidan yillar davomida parvarish qilingan daraxtlar mavjud bo‘lgan. Ularning ta’kidlashicha, ushbu joy oddiy bo‘sh yer emas, balki ko‘p qavatli uylar aholisi, ayniqsa bolalar foydalanib kelgan umumiy hudud hisoblangan.

Fuqarolar qurilish boshlanishidan avval hudud atrofi o‘ralganini, dastlab esa bu yerda qanday ishlar olib borilayotgani haqida aniq ma’lumot berilmaganini bildirdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ayrimlar eski bino ta’mirlanadi yoki hudud obodonlashtiriladi, deb o‘ylagan. Biroq keyinchalik bolalar maydonchasi olib tashlangani, daraxtlar kesilgani va yangi bino qurilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgan.

Aholi vakillari hududdagi daraxtlar ham ko‘p yillik ekanini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, bu daraxtlar mahalla aholisi tomonidan o‘nlab yillar avval ekilgan va shu hududning ajralmas qismi bo‘lib kelgan.

“Lolazor” aholisi, shuningdek, qurilish sabab hududning ochiq maydoni qisqarib, mahalla ichidagi sharoit yomonlashayotganini bildirdi. Ularning fikricha, bu joyda bino qurilishi nafaqat bolalar maydonchasining yo‘qolishiga, balki hududdagi yashil maydonlarning kamayishiga ham olib keladi.

Suhbat davomida fuqarolar mazkur hudud mahalladagi so‘nggi bolalar maydonchalaridan biri bo‘lganini qayd etdi. Ularning aytishicha, yaqin atrofdagi boshqa ochiq hududlar ham vaqt o‘tishi bilan turli ob’ektlarga aylantirilgani sababli, ushbu maydon bolalar uchun qolgan kam sonli joylardan biri bo‘lgan.

Mahalla aholisi qurilish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar masalasiga ham to‘xtaldi. Ularning aytishicha, ko‘p sonli aholi yashaydigan hudud bo‘lishiga qaramay, qurilish masalasida barcha fuqarolarning fikri olinmagan. Aholi vakillari ayrim yig‘ilishlarda ishtirok etgan fuqarolar roziligi butun mahalla pozitsiyasi sifatida ko‘rsatilganini ta’kidlamoqda.

Fuqarolar, shuningdek, ularga dastlab qurilish haqida boshqa ma’lumot berilganini, keyinchalik esa ancha kattaroq ob’ekt qurilishi rejalashtirilganini ko‘rganini aytdi. Ularning fikricha, rejalashtirilayotgan bino mahalladagi mavjud uylar arxitekturasi va hududning umumiy ko‘rinishiga mos kelmagan.

Aholi vakillari yana bir muhim masalaga – qurilish hududi o‘ralgani sabab favqulodda xizmatlarning kirib kelishi qiyinlashgani haqidagi xavotirlarini bildirdi. Ularning aytishicha, tez yordam va yong‘in xavfsizligi xizmatlari uchun yo‘laklar ochiq bo‘lishi kerak.

Fuqarolar ushbu masala bo‘yicha turli idoralarga murojaat qilganini, shuningdek, Prezident Administratsiyasiga ham ariza yo‘llaganini ma’lum qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, aynan murojaatlardan keyin hududdagi vaziyatga e’tibor kuchaygan.

Xususan, mazkur holat yuzasidan 27 iyul kuni Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan “Al-Latif Hearts Tower” MCHJ mansabdor shaxslari hamda boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida jamiyatning norasmiy rahbari sifatida tilga olinayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi sifatida protsessual tartibda ushlangan.

Tekshiruv davomida qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlariga rioya etilgani hamda aholi manfaatlari qay darajada inobatga olingani o‘rganiladi. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi, zarur hollarda ular jinoiy javobgarlikka tortilishi qayd etildi.

Ayni paytda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Vakolatli organlar tomonidan mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish, shuningdek, bolalar maydonchasi va unga tutash hududni avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani bildirildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing