Minglab “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari ommaviy ravishda portlatib yuborildi (video)
Olam
−
17 Sentabr
10993Livanda “Hizbulloh”ga aloqador shaxslar foydalanayotgan peyjerlar ommaviy ravishda portlab ketdi. Voqea oqibatida butun mamlakat bo‘ylab 2800 kishi jarohatlangan, kamida 8 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda bugun, 17 sentyabr kuni Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlar orasida ikki jangchi, jumladan, “Hizbulloh” yetakchilaridan birining o‘g‘li, shuningdek, 10 yoshli qiz ham bor.
“Jarohatlanganlardan biri Eronning Bayrutdagi elchisidir”, deb xabar beradi Eronning “Fars” agentligi.
“Reuters”ning anonim uchta manbasi portlagan barcha peyjerlar so‘nggi modellar ekanini aytdi. “Hizbulloh” esa so‘nggi bir necha oy ichida ulardan foydalana boshladi.
Rasmiy Bayrut va “Hizbulloh” harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi.
“Hizbulloh” yahudiy davlati qilgan ishlari uchun “loyiq jazo” olishiga va’da berdi. Isroil tomoni hozircha nima bo‘lganiga izoh bermadi.
Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant kecha, 16 sentyabr kuni AQSH Prezidenti yordamchisi o‘rinbosari va Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Amos Xokstin bilan uchrashuvda Livan bilan chegarada deyarli har kuni ro‘y berayotgan to‘qnashuvlar tufayli “Hizbulloh” bilan diplomatik kelishuvga erishish imkoniyatlari kamayib borayotganini aytgan.
“Hizbulloh” o‘zini HAMAS bilan bog‘lashda davom etar ekan va mojaroga barham berishdan bosh tortar ekan, kelishuv ehtimoli kamayib bormoqda. Isroilning shimoliy chegarasida o‘n minglab isroilliklar o‘z uylariga qayta olmayapti. Ularning xavfsizligini ta’minlashning yagona yo‘li – bu yirik harbiy operatsiya”, degan vazir.
Harbiy tahlilchi Ilyos Magniyer “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida “Hizbulloh” a’zolari Isroilning aloqalarni ushlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun peyjerlarga ko‘p ishonishlarini aytdi. U, shuningdek, portlagan qurilmalar guruh a’zolariga tarqatilishidan avval buzib kirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Harbiy ekspert Jozef Nassarning so‘zlariga ko‘ra, peyjerlarning dasturiy ta’minotiga virus kiritilgan bo‘lishi mumkin, bu esa batareyalarning portlashiga olib kelgan.