“Milliy tiklanish” partiyasi O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib kirishiga ham qarshi
Jamiyat
−
28 aprel 2020
5727Bugun, 28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligi masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ma’lum qildi.
Alisher Qodirov partiyasi O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi sifatida kirishiga ham qarshi ekanini ma’lum qildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O‘zbekistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi bo‘lib kirishiga ham qarshi. Partiya fraksiyasi ittifoqqa a’zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni davom ettirish kerak deb hisoblaydi”, deya fikrini bildirgan Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
O‘zbekistonning YeOIIga a’zoligi masalasi ko‘p vaqtdan beri muhokama markazida bo‘lib turibdi. Bu borada ikki xil qarash mavjud va ularning har ikkisi o‘z faktlarini asosli deb hisoblayapti. Birinchi toifa, migrantlar, yangi bozorlar ochilishi sababli tashkilotga qo‘shilishni yoqlayapti. Ikkinchi toifa, O‘zbekistonning YeOIIga a’zoligiga qarshi. Ular mamlakat bozorining egallanishi va hatto, O‘zbekiston Rossiyaning siyosiy ta’siriga tushib qolishi mumkinligidan xavfsiramoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlisida YeOIIga kuzatuvchi sifatida kirishni ma’qullashini aytib o‘tgandi. Xususan Prezident shunday degandi:
“Mustaqilligini berib qo‘yadi degan gaplar havoyi gaplar. Islohotlarimizga hayrixoh bo‘lib tursin, oyoqqa turib olaylik. Kuzatuvchi degani a’zo degani emas. U qarab, tomoshabin bo‘lib turadi. Biz Vladimir Vladimirovich bilan kelishib oldik. Men hozircha ko‘p narsani sizlarga aytolmayman, juda katta ish boshlab qo‘yganmiz.
Iqtisodiyotimizni barqaror qilish uchun 50 mlrd kerak. Kim beradi bu pulni. Bergan odam kredit beradi, xolos”.
LiveBarchasi