Armaniston KXSHT va YeOIIdan chiqish bilan tahdid qildi

Olam

image

Agar Rossiya gazining narxi oshirilsa, Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YeOII) chiqishi mumkin. Bu haqda bugun, 4 aprel kuni Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonya jurnalistlar bilan brifingda so‘z ochdi.

“Shuni aytishim kerakki, agar ular shunday qaror qabul qilsalar, Armaniston ham o‘z qarorini qabul qiladi va KXSHT hamda YeOIIdan uzil-kesil chiqadi”, deydi u. 

Shu bilan birga, Simonyan bunday ssenariyning haqiqatga aylanishiga shubha bildirgan, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, kuni kecha Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida “juda yaxshi va samarali” suhbat bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 aprel kuni Pashinyan va Putin ikki tomonlama munosabatlar kelajagini muhokama qilgandi. Armaniston Bosh vaziri, xususan, Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar paytida tashkilotning harakatsizligini ko‘rsatib, mamlakatning KXSHTdagi ishtiroki muzlatilganini tushuntirdi. U “KXSHT o‘z majburiyatlariga zid ravishda nima uchun javob bermaganini xalqimizga tushuntirib bera olmayapman”, deb ta’kidladi va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish niyatini tasdiqladi. Shuningdek, Yevropa integratsiyasi va YeOII o‘rtasidagi yakuniy tanlovni Armaniston fuqarolari qilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Putin bunga javoban Yevropa Ittifoqi va YeOIIda bir vaqtning o‘zida ishtirok etish imkonsiz ekanligidan ogohlantirdi. Shuningdek, u gaz narxidagi farqqa e’tibor qaratib, Rossiya uni Armanistonga ming kub metri uchun 177,5 dollardan yetkazib berayotganini, Yevropada esa bu narx 600 dollardan oshishini ta’kidladi.

2024 yil fevral oyida Armaniston KXSHTdagi a’zoligini muzlatishini e’lon qilgan, keyinroq tashkilotning Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatga munosabat bildirmaganini sabab qilib, a’zolik badallarini to‘lashdan bosh tortgan edi. 2025 yil 1 oktyabrda Pashinyan Armaniston amalda KXSHTdan mustaqil bo‘lganini aytib, tashkilot xavfsizlik tizimini “pufak” deb atagan.

2025 yil 27 noyabrda Putin Armaniston o‘zini KXSHTning bir qismi deb hisoblashini, ammo tashkilot tadbirlarida qatnashishdan tiyilib, uning barcha qarorlarini qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston EOII KXShT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing