Milliy test tizimi savollari Internetga sizdirildi. DTM holatga izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida o‘quvchilarga umumta’lim fanlardan milliy sertifikat imtihonlarining javoblari sotilgani haqida xabar tarqaldi. Bundan tashqari, buxorolik fuqarolar test javoblarini o‘quvchilarga yodlatgani aytilmoqda. Davlat test markazi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanlaridan 2 marotaba milliy sertifikat uchun test sinovlari tashkil etildi. Test sinovlari jarayoni to‘liq videokuzatuv kameralari ostida o‘tkazildi.

Test materiallari Davlat feld’egerlik xizmati xodimlari tomonidan test sinovi o‘tkaziladigan binolarga maxsus transport vositalari orqali maxfiylik ta’minlangan holda test sinovi boshlanishidan bir soat oldin yetkazilgan. Test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng Davlat feld’egerlik xizmati xodimlari muhrlangan maxsus qoplardagi test materiallarini Davlat test markazi xodimlaridan qabul qilib oldi va barcha materiallar to‘liq holda Davlat test markaziga qayta yetkazilishi ta’minlagan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan maqolalarda keltirilgan kimyo fanidan test topshiriqlarining ayrimlari 11 may kuni o‘tkazilgan jarayonga tegishli bo‘lib, 9 iyun kuni o‘tkazilgan imtihonda mazkur test topshiriqlaridan foydalanilmagan. Biologiya fani bo‘yicha keltirilgan test topshiriqlari haqiqatan ham 10 iyun kuni o‘tkazilgan test sinovlariga oid. Biroq u test sinovi o‘tkazib bo‘linganidan keyin test sinoviga kirgan shaxslar tomonidan yodlab chiqilgan savollar asosida juda ko‘plab xatolar bilan kompyuterda terilganligi, rasmli test topshiriqlarida rasmlarning keltirilmaganligi aniqlandi.

Olingan oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim o‘quv markazlari tomonidan “bu savollar tushadi” bahonasida tayyorlangan savollar jamlanmasi shaxslarga sotilganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi DTM xabarida.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli huquqni muhofaza qilish organlari va Davlat test markazi hamkorligida tekshirish ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DTM test

Baholaganlar

446

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing