Milliy gvardiyada qancha pul talon-toroj qilib yuborilgani aytildi
Intervyu
−
27 aprel 2022
218592021 yilda Milliy gvardiya tizimida davlatga jami 1 mlrd 245 mln 504 ming so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda kecha, 26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurori o‘rinbosari Sarvar Muhiddinov ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi organlari tomonidan Milliy gvardiya tizimida qonunlar ijrosi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda. 2021 yilning 12 oyi davomida Milliy gvardiya tizimida 55 ta tekshirish ishlari o‘tkazilgan. Tekshiruvlar natijasida 60 ta taqdimnoma kiritilgan. 8 ta qonunga zid ravishda protest kiritilgan va 7 ta qaror chiqarilgan. Shundan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir nafar shaxsga ogohlantirish berilgan. 92 nafar shaxsga intizomiy, 10 nafar shaxsga moddiy javobgarlik belgilangan. Davlatga yetkazilgan jami 1 mlrd 245 mln 504 ming so‘m zarar ixtiyoriy undirilgan. Shundan 3380 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan”, deydi Muhiddinov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida Milliy gvardiya tizimida byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.
“Jumladan, Milliy gvardiya tizimida 2021 yil 12 oy davomida byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi va moliya xo‘jalik faoliyatida qonuniylik ahvoli yuzasidan 20 ta tekshiruv o‘tkazilgan va 19 taqdimnoma kiritilib, 2 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shu bilan birga 32 nafar shaxsga intizomiy 10 nafar shaxsga moddiy javobgarlik belgilangan. Shuningdek, 443 mln davlatga yetkazilgan pul ixtiyoriy ravishda undirilgan”, deydi u.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Navoiy viloyatida ham mansabdor shaxs tomonidan 120 mln so‘m mablag‘ noqonuniy tarzda o‘zlashtirilgan.
“2021 yilda Navoiy harbiy prokuraturasi tomonidan Milliy gvardiya Navoiy viloyati boshqarmasida o‘tkazilgan tekshirish davomida boshqarma, moliya xizmati boshlig‘i kapitan Qo‘ziyev mansabdor shaxs bo‘lgan holda, mansab mavqeni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘ziga ishonib topshirilgan jami 120 mln so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirib, rastrata qilib, talon-toroj qilgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat kodeksining 167 moddasi 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan”, deydi Sarvar Muhiddinov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil noyabr-dekabr oylarida Jizzax harbiy prokuraturasi tomonidan Milliy gvardiya Jizzax moliya xo‘jaligi faoliyati qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda o‘z mavqeini suiiste’mol qilgan shaxs aniqlangan.
“Shuningdek, 2021 yil noyabr-dekabr oylarida Jizzax harbiy prokuraturasi tomonida Milliy gvardiya Jizzax moliya xo‘jaligi faoliyati qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda Moliya xizmati boshlig‘i kapitan Umirzoqov mavqeni suiiste’mol qilib, harbiy xizmatchilarga oylik pul ta’minoti va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha buzilgan 2021 yil 30 iyun kungi 37, 40, 40 a sonli, 31 iyul kungi 46-sonli tarqatuv varaqalari (vedmost)larni soxta ma’lumot va yozuvlar kiritish orqali o‘zganing ko‘p miqdordagi mulkini jami 113 mln so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganlik holati aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deydi u.
LiveBarchasi