Milliy gvardiya qo‘mondoni yana bir tashkilotga rahbar bo‘ldi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
19219Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasining raisi etib saylandi. Bu haqda Milliy gvardiya Matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 11 sentyabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev raisligida Qo‘l jangi federatsiyasining Qo‘shma konferensiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayev hamda boshqa bir qator mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etgan.
yig‘ilishda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi lavozimiga Rustam Jo‘rayev nomzodi taklif etilib, yig‘ilish delegatlari tomonidan bir ovozdan saylandi.
Shundan so‘ng, yangi tayinlangan federatsiya raisi tomonidan ushbu sport turining kelgusidagi rivoji uchun amalga oshiriladigan bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan:
• ushbu sport turiga O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilarini keng jalb etish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish;
• aholining keng qatlami, asosan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida ushbu sport turini ommalashtirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, shu bilan birga, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bepul mashg‘ulotlar o‘tkazish tartibini amalga tatbiq etish;
• dunyoning yetakchi sportchilarini yurtimizga taklif qilish va ular tomonidan faol yoshlar bilan seminarlar va master-klasslar o‘tkazilishini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish;
• mavjud sport bazalarni moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash bilan bir qatorda professional sportchilarning tayyorgarligi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
• kelgusi yilda Toshkent shahrida 40 dan ortiq davlat vakillari ishtirokida Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish hamda Osiyo qo‘l jangi federatsiyasini tashkil etish va uning shtab-kvartirasini poytaxtimizda joylashuv masalasini ko‘rish.
Shuningdek, federatsiya raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘mondoni Kubogi uchun qo‘l jangi bo‘yicha milliy va xalqaro musobaqalarni har yili o‘tkazish taklifi kiritildi.
LiveBarchasi