Ichki ishlar vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Jamiyat
−
09:11 3921 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori bilan polkovnik Temur Kamoliddinovich Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bugun, 21 avgust kuni Ichki ishlar vazirligida huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va aholi osoyishtaligini mustahkamlash borasida o‘tkazilgan yig‘ilishda xabar qilindi
Qayd etilishicha, Temur Ismoilov yangi lavozimda ish boshlashi munosabati bilan Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan.
Ushbu lavozimda u joriy yil yanvar oyidan buyon ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Rustam Jo‘rayevning o‘rnini egalladi.
Ma’lum qilinishicha, lavozimga yangi tayinlangan rahbarga jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimini yanada takomillashtirish vazifalari yuklatilgan.
Shuningdek, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, ichki ishlar organlarining boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish, jamoat tartibini saqlashning zamonaviy usullarini keng joriy etish, aholining huquqiy madaniyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchini yanada oshirishga qaratilgan choralarni samarali tashkil etish talabi qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Temur Ismoilov 1983 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. U Ichki ishlar organlaridagi xizmat yillari davomida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Jumladan, Ismoilov IIVning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasiga rahbarlik ham qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni lavozimidan ozod etilgan edi.
Shundan so‘ng, Jo‘rayev joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi va unga general-leytenant maxsus unvoni berildi.
Live
Barchasi