Portugaliya Ichki ishlar vaziri yomon ob-havo tufayli iste’foga chiqdi
Olam
−
18:35 579 2 daqiqa
Portugaliya Ichki ishlar vaziri Mariya Lusiya Amaral lavozimidan iste’foga chiqdi. Uning vakolatlari vaqtincha o‘ng qanot Bosh vazir Luish Montenegroga topshiriladi. Bu haqda AFP xabar berdi.
Qayd etilishcha, vazirning iste’fosi bo‘yicha joriy yil 9 mart kuni vakolati tugaydigan Portugaliya Prezidenti Marselo Rebelo de Souza rasmiy bayonot tarqatgan. Bayonot davlat rahbarining rasmiy saytida e’lon qilingan.
“Amaral o‘z vazifalarini bajarish uchun zarur shaxsiy va siyosiy sharoitlarga ega emas, deb hisoblagan”, deyiladi bayonotda.
Mariya Amaral Portugaliyani qamrab olgan dovuldan keyin mamlakatda yuzaga kelgan inqirozli vaziyat sababli jiddiy tanqidlarga uchragan. Portugaliya qonunchiligiga ko‘ra, tabiiy ofatlarni mahalliylashtirish va ularning oldini olish Ichki ishlar vazirligining mas’uliyatiga kiradi.
Sotsialistik partiyasi bosh kotibi Joze Luis Karneyro OAVga bergan izohida Prezidentning kadrlar bo‘yicha qarorini tanqid qilgan.
“Mazkur iste’fo hukumatning ushbu favqulodda vaziyatga munosib javob topa olmaganining isbotidir”, deydi u.
Ma’lumot uchun, “Kristin” dovuli o‘tgan hafta Portugaliyada besh kishining halok bo‘lishiga olib kelgan va mamlakat infratuzilmasiga sezilarli zarar yetkazgan. Pireney yarimoroli (Ispaniya, Portugaliya, Andorra davlatlari va Gibraltar joylashgan) Yevropada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning oldingi safida turadi va tobora uzoq davom etadigan issiq to‘lqinlari hamda kuchli yog‘ingarchiliklarga duch kelmoqda. Bu hodisalar so‘nggi yillarda yanada tez-tez va kuchliroq kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida chap markazchi Sotsialistik partiya nomzodi Antoniu Joze Seguru g‘olib bo‘lgani xabar qilingan edi. U joriy yilning 9 mart kuni prezidentlik vakolatlariga kirishadi.