Millionlab ukrainaliklar xavf ostida – BMT
Olam
−
22 Oktabr 2022
12931Rossiyaning Ukrainaga shiddiyli raketa hujumlari mamlakatning millionlab odamlari hayotini xavf ostida qoldirdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari Dikarloning Xavfsizlik Kengashiga taqdim etgan Ukraina shaharlariga raketa va dronlar hujumidan keyin yuzaga kelgan o‘ta og‘ir vaziyat haqidagi hisobotida aytiladi.
“10 oktyabr kuni ertalab Rossiya Qurolli Kuchlari raketa va dronlarni uchirdi, natijada kamida 20 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi, jumladan, Kiyev, Dnepr va Zaporojeda. Ko‘plab fuqarolik ob’ektlari, jumladan, o‘nlab turar-joy binolari va muhim fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rdi”, deydi Rozmari Dikarlo.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 10-18 oktyabr kunlari raketa va dron hujumlarida kamida 38 nafar ukrainalik tinch aholi halok bo‘ldi va kamida 117 nafari yaralandi.
BMT Bosh kotibi o‘rinbosari ushbu muhim infratuzilma ob’ektlarining o‘qqa tutilishi natijasida millionlab aholi, ayniqsa, qish faslida hayoti uchun xavfli ahvolga tushib qolishidan xavotir bildirdi. Uning eslatishicha, xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilish taqiqlangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy nishonlarga qilingan hujumlar tinch aholiga ham zarar yetkazadi.
Shuningdek, u Ukrainadagi voqealarni tergov qilish bo‘yicha Mustaqil xalqaro komissiyaning shu hafta Bosh Assambleyaga taqdim etgan hisobotida keltirilgan xulosalarga ham e’tibor qaratdi. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, aholi punktlarida keng masofali portlovchi qurollarning shafqatsiz qo‘llanishi natijasida o‘nlab tinch aholi halok bo‘lgan va jarohatlangan, butun bir dahalar vayronaga aylangan.
Qayd etish kerakki, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH BMTni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda Eron dronlarilan foydalanganini tekshirishga chaqirdi. Ular BMT Bosh kotibiga yo‘llagan qo‘shma maktubida yozishicha, “Eron dronlarining Rossiyaga berilishidan chuqur xavotirda ekanliklarini” bildirishgan, ular “ushbu dronlardan Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasi va shaharlariga hujum qilish uchun foydalanyapti, natijada begunoh fuqarolar halok bo‘lyapti”.
Bunga javoban Rossiya bunday tergovni BMT Nizomining buzilishi deb atadi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya vaziyatni “qo‘rqinchli” deb atadi va agar ekspertlar Eron dronlarining Rossiyaga yetkazilganini tekshirsa, rasmiy Moskva “BMT Kotibiyati bilan munosabatlarining butun doirasini qayta ko‘rib chiqishi” bilan tahdid qildi.
Hozirgacha AQSH, YeI, Buyuk Britaniya, Kanada Rossiyaga dron yetkazib bergani uchun Eronga qarshi sanksiya joriy qildi. Biroq, Eron va Rossiya bu ayblovlarni rad etishda davom etmoqda.
LiveBarchasi