Migrantlarga yo‘l haqi, patent va sug‘urta uchun 10 million so‘mgacha kredit ajratiladi – Prezident topshirig‘i

Jamiyat

image

Bugun, 17 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu masala O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba bunday formatda muhokama qilinmoqda.

Mamlakatda har yili 600-700 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi. Iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida yiliga 500 minggacha ish o‘rni yaratilmoqda. Shuning uchun, qariyb 200 ming kishining bandligini tashqi mehnat migratsiyasi orqali ta’minlashga to‘g‘ri kelmoqda. Bu tabiiy jarayon, barcha rivojlanayotgan davlatlar shunday bosqichdan o‘tgan. Qayerda mehnat migratsiyasi to‘g‘ri tashkil etilgan bo‘lsa, bandlik, oilalar daromadi, malakali mutaxassislar ko‘paygan.

Keyingi yillarda xorijdagi vatandoshlarning huquqlarini himoya qilish, sharoitlarini yaxshilashga e’tibor kuchaydi. Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan mehnat migratsiyasi borasida xalqaro shartnomalar imzolandi. Chet ellarda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiya masalalari bo‘yicha Bosh vazir maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Shunga qaramay, yechimini kutayotgan muammolar hali ko‘p.

Yig‘ilishda xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda hokimliklarga chet eldan qaytgan fuqarolarga kasbi, malakasi va rejasidan kelib chiqib, ish topishiga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Xorijda o‘zbekistonliklar munosib sharoitlarda mehnat qilishi uchun yirik ish beruvchi kompaniyalar bilan aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun, avvalo, o‘sha korxonalar talabiga mos malakaga ega va til biladigan mutaxassislar tayyorlash zarur.

Shu bois bu borada yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, hududlardagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi filiallarining vakolatlari kengaytirilib, ularga xorijiy ish beruvchilar bilan bevosita shartnoma tuzish, migratsiya xizmatlari bilan muzokaralar o‘tkazish huquqi beriladi. Bu filiallar rahbarlari viloyat hokimining yordamchisi hisoblanadi.

Mutasaddilarga xorijiy davlatlardagi yirik ish beruvchilar bilan muzokara o‘tkazib, ishchi va mutaxassislar yuborishni ko‘paytirish, mehnat migrantlariga yo‘l haqi, patent va sug‘urta xarajatlari uchun 10 million so‘mgacha past stavkada kreditlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11 avgustda qabul qilingan qarorida aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitish chora-tadbirlari belgilangan edi. Yig‘ilishda mazkur qarorning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, chet elda ishlashni istagan fuqarolarning malakasini oshirish, buning uchun kasb-hunarga o‘qitish markazlari, maxsus kurslar va mono-markazlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bu maskanlardagi o‘quv dasturlari, malaka ko‘nikmalarini xorijiy ish beruvchilarning talabiga moslashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Mehnat migrantlari hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash uchun Xorijdagi fuqarolarni himoya qilish jamg‘armasidan mablag‘ ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, chet ellardagi mehnat migratsiyasiga oid tartib-taomillarni fuqarolari uchun yengillashtirish, o‘zbekistonliklar ko‘p ishlaydigan shaharlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalarini ochish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Xorijdagi fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, bu bo‘yicha onlayn platforma va “Call-markaz” tashkil etib, malakali advokatlarni jalb qilish vazifalari qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat elchixonalari o‘zga davlatlardagi vatandoshlar diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlashi lozimligini alohida ta’kidladi. Yurtparvarlik, mehr-oqibat hissi bilan xorijdagi fuqarolarga yordam berib kelayotgan shaxslarni e’tirof etish, davlat mukofotlari bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar bildirildi.

Chet elda mehnat qilayotganlarni vatani bilan bog‘lab turadigan eng katta vosita madaniyat ekanini inobatga olib, ular uchun shunday tadbirlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, televideniyeda O‘zbekiston elchixonalari va konsulliklarining xalq xizmatidagi faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga hokimliklar bilan birga xorijga ishlashga ketgan yurtdoshlarning oilasidan doimiy xabar olib, ota-onasining sog‘lig‘i, farzandlarining o‘qishi va boshqa ehtiyojlariga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

Xorijda ishlab, malaka orttirib qaytgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda ular bilan manzilli ishlaydigan, moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydigan tizim yaratilishi belgilandi.

Buning uchun sektor rahbarlari, mehnat va mahalla idoralari vakillari o‘z hududidagi shunday tashabbuskorlar ro‘yxatini shakllantirib, ularning biznes loyihasi bilan tanishadi. Ro‘yxatdan o‘tishga ko‘maklashib, 3 oygacha ijara to‘lovlari bo‘yicha subsidiya beriladi. Shuningdek, tadbirkorlikni boshlash uchun kredit resurslari ajratiladi hamda bank kreditlari ta’minoti bo‘yicha sug‘urta polisi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Bu maqsadlarga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan yil yakuniga qadar 25 milliard so‘m, kreditlar uchun 100 milliard so‘m ajratiladi.

Yana bir masala – xorijda ishlayotgan fuqarolarning mehnat stajini hisobga olish tizimida atigi 4,5 ming nafar kishi ro‘yxatga olingan. Shu bois mutasaddilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish va mehnat stajini hisoblash tizimini migrantlar uchun ham tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga tashkillashgan migratsiya bo‘yicha iqtisodiy, moliyaviy va tashkiliy-huquqiy ko‘mak tizimini joriy etish yuzasidan alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Unda mamlakatda kasb va tilga o‘rgatish, xorijda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, yo‘lkira, patent, sug‘urta, pensiya va kredit masalalari qamrab olinadi. Shuningdek, hukumatlararo komissiyalar doirasida xorijdagi fuqarolarga munosib sharoit yaratish, chet eldagi banklar orqali ularni kreditlash mexanizmlari nazarda tutiladi.

Yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlari, elchilar axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

134

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing