Migrantlar rus an’analarini hurmat qilishi kerak – Putin

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi mehnat muhojirlari davlat iqtisodiyoti manfaatlariga rioya qilishi, Rossiya madaniyati, urf-odatlari va qonunlarini hurmat qilishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlari Kreml saytida keltirilmoqda.

“Birinchi navbatda, biz Rossiya iqtisodiyoti manfaatlariga javob beradigan shunday mehnat resurslarini jalb qilishimiz kerak. Demak, bu odamlar lingvistik, etnomadaniy nuqtayi nazardan tayyor bo‘lishi, urf-odatlarimizni, qonunlarimizni bilishi, bu qonunlarni hurmat qilishi kerak. Biz esa MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi hamkasblarimiz bilan birgalikda bu borada hamkorlikda ishlayapmiz”, deydi Putin Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi ushbu mamlakatlarda rus tilida o‘qitiladigan maktablar ochmoqda va tadbirlar o‘tkazmoqda.

“Ammo bu barcha kelganlar, yana takror aytaman, Rossiya qonunlariga rioya qilishlari, madaniy an’analarimizni, xalqlarimizning an’analarini hurmat qilishlari kerakligini istisno etmaydi. Lekin, albatta, biz madaniyatli davlat sifatida ularning huquqlarini ham ta’minlashimiz kerak”, deydi Putin.

Uning ta’kidlashicha, migrantlar huquqlari masalasi juda keskin.

“Bu yerda men etnik-madaniy muvozanatni saqlash kerak degan fikrga qo‘shila olmayman. Albatta, bu sohada sodir bo‘layotgan hamma narsa, eng avvalo, iqtisodiyot manfaati va ishchilar yetishmasligi bilan bog‘liq. Lekin, albatta, bu odamlarni tayyorlash kerak”, deydi Prezident.

Shu bilan birga, u, birinchi navbatda, barcha sohalarda Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish zarurligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi. Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi

Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan,  “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi


Maqola muallifi

Teglar

Migrantlar Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing