Migrantlar 9 oyda O‘zbekistonga qancha pul yuborgani aytildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 9 oyi davomida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar mamlakatga 5,7 mlrd dollar pul yuborgan. Bu haqda Markaziy bankning “Mehnat bozori sharhi”da keltirilgan.

Unda keltirilishicha, 2025 yilning uchinchi choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga jami 5,7 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,5 foizga o‘sgan (2024 yilning mos davrida 4,8 mlrd). Joriy dinamikaning shakllanishi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi mamlakatlarda valyuta kurslarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi va iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari bilan bog‘liq.

III chorakda Boltiq davlatlari va boshqa mintaqalardan (AQSH, Rossiya, Yevropa va Osiyo mintaqalarini hisobga olmaganda) o‘tkazmalar hajmi o‘sish sur’ati qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq saqlanib qolgan. Xususan, mazkur mintaqalardan pul o‘tkazmalari 40 foizga o‘sgan.

 

Tashqi bozorda, xususan Rossiya, Yevropa va Boltiq davlatlarida kuzatilayotgan so‘nggi tendensiyalar hamda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning o‘sishi pul o‘tkazmalaridagi joriy dinamikaning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu, o‘z navbatida, mehnat muhojirlari oqimi yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengayayotganligidan dalolat beradi.

So‘nggi yillarda migratsiya yo‘nalishlari kengayishi asosan Osiyo, Yevropa va AQSH mamlakatlarida kuzatilmoqda. Xususan, joriy yil 1 oktyabr holatiga Koreya Respublikasidagi O‘zbekistonlik rezidentlar soni yil boshiga nisbatan 0,4 foizga o‘sib, 95,3 mingtani tashkil etgan. Turkiyada kuzatilayotgan makroiqtisodiy vaziyatning bosqichmabosqich barqarorlashuvi sharoitida ushbu davlatga migratsiya oqimining yuqori saqlanib qolishi kuzatilmoqda. Buni O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu davlatda berilayotgan yashash ruxsatnomalari soni hamda doimiy bo‘lmagan migrantlar oqimining oshib borayotganligidan ham ko‘rish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Migrantlar pul o'tkazmalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing