Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
19:57 2858 3 daqiqa
Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda 40 ga yaqin davlatda taxminan 1,4 mln nafar o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Bu haqda Markaziy bankning Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari sharhida keltirilgan.
Sharhda keltirilishicha, joriy yilning yanvar-iyun oylarida chet eldan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga (1,1 mlrd doll) ko‘payib, 9,3 mlrd dollarni tashkil qilgan. Hisobot davrida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 4,3 mlrd dollari (46,7 foizi) an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2025 yilning mos davriga nisbatan o‘sish 0,3 foiz), 4,8 mlrd dollari (51,7 foizi) xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri – P2P o‘tkazmalar orqali (o‘sish 32 foiz) hamda 142 mln dollari (1,6 foizi) bank o‘tkazmasi – SWIFT orqali (kamayish 43 foiz) amalga oshirilgan.
O‘zbekistonliklar eng ko‘p ishlashga borayotgan davlatlar:
- Rossiya – 834,2 ming nafar;
- Qozog‘iston – 84,4 ming nafar;
- Turkiya – 72,1 ming nafar;
- Janubiy Koreya – 46,4 ming nafar;
- Yevropa mintaqasi davlatlari – 258 ming nafar;
- boshqa davlatlarda – 97,7 ming nafar o‘zbekistonlik migrant bor.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlarining 398,9 ming nafari (28,6 foiz) xotin-qizlarni va 402,1 ming nafari (28,9 foiz) yoshlarni tashkil etadi. MDH davlatlarining ulushi 29 foizga kamayib, Yevropa mintaqasida 42 foizga, Sharqiy Osiyo mintaqasida 26 foizga ortgan.
Migratsiya agentligining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning tashkiliy tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha 23 ta davlat bilan 48 ta, shundan, 2025-2026 yillarda 14 ta davlat bilan 18 ta hukumatlararo va idoralararo hamkorlik kelishuvlari tuzilgan, 36 ta davlatning 325 dan ortiq yirik ish beruvchilari va rekruting kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Germaniya, Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Serbiya, AQSH va Yaponiya istiqbolli hamkorlar safidan o‘rin olmoqda. Shundan, AQSH, Italiya, Shvetsiya, Fransiya va Sloveniya davlatlari yangi yo‘nalish sifatida qo‘shilgan. Yuqorida qayd etilgan mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida ishchi kuchini savdo va xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ishlab chiqarish, qurilish, payvandlash va metallga ishlov berish, yog‘ochni qayta ishlash, neft-gaz va konchilik sohalariga jalb qilish nazarda tutilgan. Joriy yilda 124,5 ming fuqaro xorijda yuqori daromadli ishlarga joylashtirilgan.
Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro migrant ishchilar bo‘yicha mavjud eng so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda butun dunyo bo‘yicha 167,7 million migrant mehnat bozorida ishtirok etgani, ularning 68,4 foizi yuqori daromadli mamlakatlarda bandligini qayd etilgan. Migrantlarning 68,4 foizi xizmatlar, 24,3 foizi sanoat va 7,4 foizi qishloq xo‘jaligida ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga ishlashga ketayotgan o‘zbekistonliklar soni kamaygani haqida xabar berilgan edi. Shu bilan birga, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirgan migrantlar bo‘lgan.
Live
Barchasi