“Menga nima deganlar, bu olov sizni ham yoqadi”. Erdo‘g‘an butun dunyoga murojaat qildi

Olam

image

Iqtisodiyot rivojlanib, osmono‘par binolar qad rostlayotgan bir paytda, ba’zi odamlarning obro‘-e’tibori ham o‘smoqda, cho‘ntaklari qappayib, ayrim davlatlar kundan kunga boyib bormoqda. Statistika bizga yanada nurli dunyo portretini chizarkan, afsuski, shundoqqina yonimizda bolalar ochlikdan o‘lishi kuzatilmoqda. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 11 mart kuni “Antaliya diplomatik forumi” ochilish marosimidagi nutqida so‘z ochdi. 

“Ochlik virusi har yili dunyoda koronavirus pandemiyasidanda ko‘proq odamning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Bugun Yer yuzida har 10 soniyada bir bola loaqal bir bo‘lak non, bir qultum suv topolmagani uchun o‘lyapti”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.  

Prezidentga ko‘ra, bugun millionlab odamlar beqarorlik va to‘qnashuvlar tufayli uyini va yurtini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. O‘rta yer dengizida, Sahroi Kabir cho‘lida yoki qorli tog‘ cho‘qqilarida qurbon bo‘lganlar, odamlarning ichidagi umidsizlikni ifoda etmoqda. 

“Faqatgina 2014 yildan buyon O‘rta yer dengizining moviy suvlari 25 mingga yaqin yo‘lovchining qabri bo‘ldi. So‘nggi 10 yil ichida dunyo bo‘ylab qochqinlar soni ikki baravardan ziyod ortdi va 85 millionga yetdi. Bu raqamga 15 kun ichida 2 milliondan ortiq ukrainalik qo‘shildi. O‘z boshpanalarini tashlab qochganlar soni kelgusi davrda yanada ortishi ayon bo‘lib bormoqda. 

Ayni paytda 1 milliard odam kuniga 2 dollardan kam pul topib, omon qolish uchun kurashmoqda.  Darhaqiqat, bu raqamlarning har biri biz duch kelayotgan adolatsizlikni ko‘rsatish uchun kifoya qiladi. Bundan tashqari, bu oddiy raqam emas, har biri munosib, xavfsiz hayot kechirishga loyiq jondir. 

Ular onalar, otalar, opa-singillar. Biz bolalar yosh niholdek noumidlikdan quriydigan, 800 million kishi asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan mahrum bo‘lgan, har kuni yuz millionlab odamlar och uxlayotgan bir dunyoda yashayapmiz”, deydi Erdo‘g‘an. 

U bugun dunyoda davom etayotgan urushlarni tinchitmay turib, yangi urushlar muhokamasiga o‘tilayotganini tanqid qilib, shunday deydi: 

“Yangi urushlarning oldini olishni qo‘ya turing, 10 yillardan buyon davom etayotgan to‘qnashuvlar hal etilmagan bir vaqtda hech kim o‘zini xavfsiz his qila olmaydi. Bugun qayerda yashamaylik, dunyo ulkan qishloqqa aylangan davrda “Boshqasi bilan nima ishim bor?”, deyolmaymiz. To‘xtatilmagan to‘qnashuvlar, qarshi chiqilmagan zulmlar, kurashilmagan muammolar oxir-oqibat bizga ham ta’sir qilishi, bizni ham yoqishini bilishimiz kerak. 

Biz bu alamlarga Suriyada, Yamanda, Afg‘onistonda, Liviyada, Iroqda, Arakanda va bir qator muammoli hududlarda takror va takror guvoh bo‘ldik. Bu mojaro hududlarida tinch aholi,ularning aksariyati ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Oilaviy qadriyatlar va insoniy fazilatlarga jiddiy putur yetdi. Xalqaro tashkilotlarga bo‘lgan ishonch eng tubiga tushdi. Terrorchilik tashkilotlari va ekstremizm butun dunyoda keng tarqaldi”. 

Prezident Erdo‘g‘an, geografik va madaniy sabablarga ko‘ra ba’zan e’tibordan chetda qolayotgan barcha inqiroz mintaqalarida beparvolik badalini nafaqat mas’ullar, balki butun insoniyat to‘layotganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

1115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing