Mendan ketguncha... Bosh prokuratura quyichirchiqlik fermer ishi Oliy sudda ekanini aytmoqda
Jamiyat
−
22 yanvar 2020
7266QALAMPIR.UZ’da Quyi chirchiqlik tadbirkor Akmalxo‘ja Tursunxonovning yeri hokim tomonidan noqonuniy tortib olingani haqida maqola e’lon qilingan edi. Tanqidiy maqolada nafaqat fermer yeri qaytarilmagani, balki Oliy sud qarori ham ijroga kiritilmayotgani bayon etilgan. Shikoyatchi-fermer sud-huquq tizimidagi amaldorlar, bundan tashqari, Yoshlar ittifoqi ham yuborilgan murojaatlarga be’etibor munosabatda bo‘lgani, sudma-sud sarson qilinayotgani haqida aytib o‘tgan edi.
Masala yuzasidan asosiy qonun himoyachisi sanalmish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi masala yuzasidan ma’lumot berdi. Unda shunday so‘z boradi:
“Aniqlanishicha, Quyichirchiq tuman hokimining 14.01.2015 yildagi 2-sonli qarori bilan A.Tursunxonovga tanlov g‘olibi sifatida paxta-g‘allachilik yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 143,3 gektar yer maydoni ajratilgan.
Keyinchalik, Quyichirchiq tuman hokimining 28.03.2018 yildagi 488-sonli qarori bilan Akmalxo‘ja Tursunxonovga tanlov g‘olibi sifatida paxta-g‘allachilik yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 264,5 gektar yer maydoni ajratilgan.
Quyichirchiq tuman hokimligi va “Guliston Agro Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari Akmalxo‘ja Tursunxonov o‘rtasida 21.11.2018 yilda yer ijara shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, “Guliston Agro Fayz” fermer xo‘jaligiga Guliston Yangi hayot massivi, Uchchinor mahallasida joylashgan 388,5 gektar yer maydoni 30 yilga ijaraga berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 yildagi 974-sonli “Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyat hokimining 03.12.2018 yildagi 926-sonli qarori va Quyichirchiq tuman hokimining 10.12.2018 yildagi 2245-sonli qarorlari qabul qilingan.
Mazkur qarorlar bilan Toshkent viloyati Qo‘yichirchiq tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Tashkent Cotton Textile cluster” korxonasini tashkil etish, ushbu jamiyat tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalariga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish uchun doimiy egalik qilish va foydalanish huquqi bilan 35,4 ming gektar sug‘oriladigan yer va 3,1 ming gektar baliqchilik ko‘llarini ajratish belgilangan.
Yuqoridagi qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Quyichirchiq tuman hokimining 12.04.2019 yildagi 1305-sonli qarori bilan “Guliston Agro Fayz” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydoni tuman zaxirasiga olingan. “Guliston Agro Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari A.Tursunxonov tuman hokimining ushbu qaroridan norozi bo‘lib sudga murojaat qilgan. Quyichirchiq tuman ma’muriy sudining 04.06.2019 yildagi hal qiluv qarori bilan ariza rad etilgan.
Mazkur hal qiluv qarori Toshkent viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 06.08.2019 yildagi qarori bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 08.11.2019 yildagi qarori bilan quyi instansiya sud qarorlari bekor qilinib, A.Tursunxonovning arizasi qanoatlantirilgan.
Oliy sud tomonidan 18.11.2019 yilda pochta aloqasi orqali Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 08.11.2019 yildagi qarori nusxalari Quyichirchiq tuman hokimligiga, “Guliston Agro Fayz” fermer xo‘jaligi hamda “Tashkent Cotton Textile cluster” MCHJga ma’lumot uchun hamda 02.12.2019 yilda ma’muriy ish ijro qilish uchun Toshkent viloyati ma’muriy sudiga yuborilgan.
O‘z navbatida, Quyichirchiq tuman hokimi Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 08.11.2019 yildagi qaroridan norozi bo‘lib, Oliy sud Rayosatiga nazorat tartibida protest keltirishni so‘rab Oliy sud raisi nomiga ariza bilan murojaat qilgan.
Mazkur murojaat asosida ma’muriy ish hozirda Oliy sudga chaqirtirilib, o‘rganilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.
Ma’lumot o‘rnida, Oliy sud rayosatiga nazorat tartibida shikoyat berish uchun faqatgina Oliy sud raisi va uning o‘rinbosarlari, Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari vakolatli hisoblanadi. Ushbu qonun normasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 249-moddasi 2-qismida o‘z aksini topgan.
LiveBarchasi