Quyichirchiqda yangi hangoma: haqqini talab qilgan fermerga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
21 fevral 2020
14897Joriy yil boshida quyichirchiqlik fermer Akmalxo‘ja Tursunxonovning yeri Toshkent viloyati, Quyichirchiq tuman hokimi tomonidan noqonuniy tortib olingani haqida maqola e’lon qilgan edik. Ushbu ish yuzasidan Oliy sud ham o‘z qarorini e’lon qilgan, biroq bu qaror ijroga kiritilmay kelayotgani haqida ma’lum qilgan edik.
Ushbu fermer yuzasidan ma’muriy tartibda olib borilgan sud ishi Oliy sudgacha yetib borgani yetmaganidek, Quyichirchiq tuman hokimligi iqtisodiy sudga yerdan uzoq muddatli ijara shartnomasi bekor qilish bo‘yicha ham da’vo kiritgan. QALAMPIR.UZ mazkur ish bo‘yicha sud majlisida bevosita qatnashdi.
14 fevral kuni o‘tkazilgan sud majlisida da’vogar tomon Quyichirchiq tuman hokimiyati quyidagi asoslarni keltirgandi:
• davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan mahsulot yetishtirish tashkil etilgan yerdan belgilangan maqsadga muvofiq oqilona foydalanilmagan;
• kontraktatsiya shartlarini keyingi 3 yilda bajarmagan;
• 2 gektar yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan ekin ekkan v.h.
Sud majlisida javobgar tomon ushbu asoslarni to‘liqligicha rad etdi va asossiz deya ta’kidladi. Fermer va uning himoyachisi bo‘lgan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Chorixon Qodirov fermer Akmalxo‘ja Tursunxonovning reja topshiriqlarni, kontraktatsiya shartnomalarini to‘liq bajargani bo‘yicha tegishli tashkilotlardan hujjatlar taqdim etdi.
Ushbu fermer tegishli qonunbuzarliklar sodir etilgani aytilayotgan vaqtda tuman hokimi o‘rinbosari sifatida ishlagan Alisher Dehqonov sudga guvoh tariqasida jalb etildi. Sobiq hokim o‘rinbosari bu fermer ilg‘or fermer ekani haqida ko‘rsatma berdi.
Sudda qatnashayotgan Yoshlar ittifoqi vakili Bahrom Jumayev ham ilg‘or fermer bo‘lgani bois tashkilot tomonidan xat berilgani haqida ma’lum qildi. Sud muhokamasida taraflarga qo‘shimcha hujjatlar olib kelinishi yuklandi va sud tanaffus e’lon qildi.
Sud majlisi kecha, 20 fevral kuni davom etdi. Sudda hokimlik vakili Odil Turg‘unboyev fermerga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumotnoma olib keldi. Bu sud majlisida yig‘ilganlar, hususan fermerning o‘zini ham taajjubga soldi. Chunki jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida oldingi sud majlislarida gapirilmagan edi. Fermer hali biror marta tergovga chaqirilmagani haqida aytib o‘tdi. Vaholanki, jinoiy ish 13 fevral kuni, ya’ni sud majlisi boshlanganidan bir kun oldin qo‘zg‘atilgan.
Fermer va uning himoyachisi sanalmish Fermerlar kengashi vakili Chorixon Qodirov ushbu ayblovlar to‘liq tuhmat ekani haqida shikoyat qilishdi.
“Siz sudni nega chalg‘ityapsiz? Kecha yo‘q bo‘lgan hujjat bugun paydo bo‘lib qoldi. Bu g‘irt tuhmat. Ishlab turgan fermerga nega bunaqa o‘yinlar qilasiz? O‘zingizga bo‘ysunuvchi kadastr tashkilotidan hujjat olib kelibsiz”, deydi Chorixon Qodirov.
Bunga javoban hokimlik vakili kadastr ularga bo‘ysunmasligi va jinoiy ishni Ichki ishlar organi qo‘zg‘atgani haqida gapirdi.
“Men hamisha o‘z ishimni to‘la ado etganman. Men qilgan mehnatlarim uchun harakat qilyapman. Haqiqat uchun harakat qilyapman. Agar bu ishda ham shunaqa nohaqlik ko‘radigan bo‘lsam, oxiri nima bo‘ladi, bilmadim”, deydi fermer Akmalxo‘ja Tursunxonov.
Sud ushbu masalaga jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli sud tomonidan baho berilguniga qadar sud ishini to‘xtatib qo‘yishga ajrim chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, Akmalxo‘ja Tursunxonovning 380 gektarlik yeri Quyichirchiq tuman hokimligi tomonidan noqonuniy tortib olingan va bu bo‘yicha Oliy sud qarori ham qabul qilingan edi.
Ushbu ish doirasida tahririyatimiz tomonidan turkum maqolalar e’lon qilingan bo‘lsa-da, biror marta Quyichirchiq tuman hokimligi tomonidan munosabat berilmadi. Oliy sud qarori ham ijroga kiritilmadi.
Bu holatlar bo‘yicha Adliya vazirligi o‘zining rasmiy munosabatida hokimlikka ogohnoma kiritilgani haqida ma’lum qilgan.
Fermerning sudma-sud sarsonligi hozir ham tugagani yo‘q. Qonuniy haqqini talab qilayotgan fermerga jinoiy ish ochildi. Eng achinarli tomoni, fermer bilan nizolashilgani ortidan 380 gektar yer bahor kelishiga qaramay ekinsiz yotibdi. Bu xalq manfaatiga va davlat byudjetiga zarar keltirmay qolmaydi.
Quyichirchiqda shunaqa gaplar...
LiveBarchasi