2 gektar yerni 40 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan fermer ushlandi
3-sahifa
−
14:29 2731 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatida 2 gektar yerni 40 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbari qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Angor tumanida 1976 yilda tug‘ilgan fermer xo‘jaligi rahbari mijozga o‘zining fermer xo‘jaligi tasarrufida bo‘lgan 2 gektar yer maydonini 40 000 dollarga sotishini aytgan. So‘ng kadastr organlarida ishlovchi tanishlari orqali yerni uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Fermer xo‘jaligi raxbari 30 000 AQSH dollari va 120 million so‘m pullarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, yana bir korrupsiyaviy holat viloyatning Sariosiyo tumanida kuzatilgan. Unda 1983 yilda tug‘ilgan, viloyat avtomobil transportida nazorat hududiy bo‘limida ishlab kelayotgan fuqaro 1986 yilda tug‘ilgan tanishiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasiga (Hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik, bu orqali uni jarimaga tortmaslik va joriy yilning may oyiga qadar unga avtomashinasida kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga rahnamolik qilishni va’da bergan. Evaziga esa undan 1 million so‘m miqdoridagi pulni talab qilgan. Gumonlanuvchi aytilgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xabar berilishicha, pora bilan bog‘liq uchinchi holat Sho‘rchi tumanida aniqlangan. Ushbu tumanda yashovchi fuqaro 1972 yilda tug‘ilgan tanishiga uning qonuniy ravishda vaqtincha foydalanish uchun ijara shartnomasiga asosan olgan 20 sotix yer maydoniga ancha yillardan buyon egalik qilib kelayotganligini, shu bois unga ushbu 20 sotix yer maydonini 250 million so‘mga sotishini va tanishlar orqali yerni unga umrbod foydalanishi uchun olib berishini aytgan. Evaziga undan katta miqdordagi pullarni talab qilgan. Gumonlanuvchi aytilgan pullardan 230 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur uch holat yuzasidan ham gumonlanuvchi shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 aprel’ kuni Farg‘onada fermer 3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi bo‘lgan edi.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi