Oliy sud qaroriga “oliy bepisandlik”. Quyichirchiq hokimiga sudning “gapi” o‘tmaydimi?

Tahlil

image

Jamiyatda qonunustuvorligi qay darajada ekanligini sudlarning faoliyatiga qarab bilish mumkin. Xo‘sh, sud qarorlari qanday jihatlar asosida qabul qilinyapti va ularning ijrosi ham ta’minlanyaptimi?

Navbatdagi murojaat elektron shaklda yoki e’lonlar asosida emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir ketayotgan vaqtda yangradi. Joriy yil 18 dekabr kuni "Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – xalq farovonligi va davlat taraqqiyotining kafolati" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va Adliya vaziri Ruslan Davletovlar xozir bo‘lishgan edi. 

Uchrashuvda OAV vakillari bilan bir qatorda muammosi hal etilmagan fuqaroni ham uchratdik. Quyichirchiqda fermerlik bilan shug‘ullanuvchi Akmalxo‘ja Tursunxonov Oliy sud raisiga yuzlandi. Fuqaroning e’tiroziga ko‘ra, Oliy sud qarori chiqarilgan bo‘lsa ham tuman hokimi hali-xanuz uning yerini qaytarib bermagan. Mahkama raisi murojaatchidan shikoyatini aniqlab yordam berishini aytdi. Biz ham bu norozi fermer bilan ham suhbatlashdik.

Murojaatchiga so‘z

“2019 yil 12 aprelda tuman hokimi hech qanday sud qarorisiz, noqonuniy yerimni tortib olgan va klasterga berib yuborgan. Biz tuman hokimiga aytdik – “Shuncha mehnat qildik” dedik.  Paxta va g‘alla bo‘yicha rejalarini to‘liq bajarganmiz. 5 milliard so‘mga kredit asosida 20dan ortiq texnika olganman. Uning 2 milliardi turibdi. 

Ko‘p joylarga murojaat qildim. Bosh prokuraturaga, Adliya vazirligiga, biznes ombudsmanga, partiyalarga murojaat qildim. Birontasidan natija bo‘lmadi. Viloyat prokuraturasi tuman prokuraturasiga, ular tuman hokimiga tushirdi. Tuman hokimi o‘zining qishloq xo‘jaligi bo‘iycha o‘rinbosariga, o‘rinbosar mutaxassisga tushirdi. 

Adliya boshqarmasi ham hech qanday javob bermadi. Vazirlik viloyatga, viloyat tumanga tushirdi. Hech qanday foyda chiqmadi.  

Keyin sudga berdim...”, – deydi murojaatchi norozi ohangda. 

Oliy sudda “singan” quyi sud qarorlari
Murojaatchi bilan suhbatlashar ekanmiz nafaqat tuman hokimidan, balki quyi sud organlaridan ham norozi ekanligini aytdi. Bizga taqdim etgan sud qarorlariga ko‘ra, murojaatchi sudlar orasida rosa sarson bo‘lgan. Keling, ularni bir tahlil qilib chiqsak...

Avvaliga Quyichirchiq tuman ma’muriy sudida ish ko‘rib chiqilgan. Sud tomonlarni eshitganidan so‘ng, tuman hokimi noqonuniy ish qilmagan degan xulosaga kelgan. Bunga sabab tuman hokimi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida ish yuritganligini, bu qarorning mazmun mohiyatini tushuntirish maqsadida yig‘ilish o‘tkazgani inobatga olingan. Arizachining da’vosi o‘z isbotini topmagan deya baholangan. 

Shundan so‘ng, bu sud qarori ustidan apellyatsiya berilgan. Apellyatsiya instansiyasida ish ko‘rib chiqilgan va qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, tuman hokimi Vazirlar Mahkamasining 974-sonli qaroriga asosan ish yuritgan deb hisoblangan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori Konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan Konstitutsion sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan. Quyi instansiya sudi qarori o‘z kuchida qoldirilgan. 

Oliy suddan adolat izlab
“Ikki instansiya sudidan norozi bo‘lib, Oliy sudga murojaat qildim. Oliy sud batafsil dalillar va holatlarni tekshirib chiqdi. Shundan so‘ng, Oliy sud oldingi sud qarorlarini bekor qildi. Bilmadim, tuman va viloyat sudlari qonunni tushunmadimi, bilimsizlik qildimi yoki tashqi bosim bo‘ldimi? Nima bo‘lsa ham ular rad qildi. Oliy sudga ming rahmat, qonunni bilar ekan. Bandma-band hammasini asosli ekanligini isbotlab berdi”, – deydi fermer Akmalxo‘ja. 

Biz Oliy sudning qaroriga ham ko‘z yugirtirdik. Unda Oliy sud quyi sudlarning qarorlari nimalarda xatolarga yo‘l qo‘yganligini ko‘rsatib o‘tgan.

Qarorda keltirilishicha, yerni zaxiraga olish, yer ijara shartnomasini bekor qilish noto‘g‘ri amalga oshirilgan. Yer kodeksining 36, 24-moddalariga rioya qilinmagan. Yer ijara shartnomasi o‘z kuchida ekanligi e’tirof etilgan. Shu bilan birga, fermerning rejalarni bajarmaganligi bo‘yicha dalillar mavjud emas deya belgilangan. Aksincha, fermer rejalarni bajarib kelgani isbotlangan. Tuman hokimining qarori haqiqiy emas deb topilgan va quyi sud qarorlari bekor qilingan. 

Oliy sud qaroriga bepisandlikmi?
Oliy sud qaror chiqarildi. Fermer haqiqatga erishdim deganda boshqa muammo paydo bo‘lgani haqida aytadi. Qaror ijrosi... Tumanlarda, odatda hokimlar oliy rahbar bo‘lib oladi. Fermerning aytishicha, oradan 1,5 oydirki qaror ijrosi amalga oshmagan. Vaholanki, Oliy sud qarorining o‘zida qaror ko‘chirmasini olganidan so‘ng hokimlik bir oy ichida sudni xabardor qilish yozilgan. 

Biz masala yuzasidan Quyichirchiq tuman hokimi Akmalxon ... bilan bog‘lanishga harakat qildik. Biroq buning uddasidan chiqa olmadik. Hokimning ish telefoni ham, qo‘l telefoni ham javob bermadi. Urinishlarimizdan so‘ng, hokim yordamchisi Marat Nurov bilan suhbatlashdik. Mas’ul shaxsning aytishicha, qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha hkoim o‘rinbosari bu masalada apellyatsiya berganligini va uning javobini kutib turganini ma’lum qildi. 

Axir, qanday qilib Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati qarori ustidan apellyatsiya berish mumkin? Nazorat instansiyasi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiritiladi deyilgan-ku. Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 266-moddasida sud ko‘rsatmalari majburiy deyilgan. Nega tuman hokimi shuncha muddatdan beri Oliy sud qaroriga bo‘ysunmayapti? Bir oy ichida xabardor qilish masalasi-chi?

Bundan tashqari, nega aynan Oliy sudgacha ish yetib bordi va atroflicha o‘rganilib haqiqat yuzaga chiqdi. Quyichirchiq tuman ma’muriy sudi sudyalari, Toshkent viloyat ma’muriy sudi sudlari ishni yuzaki ko‘rganmi? Yoki ularga tashqi bosim bo‘lganmi?

O‘ylaymizki, tez orada tuman hokimi sud qarorini ijro qilib fermerga yerni qaytaradi. Sudyalar esa bundan so‘ng qaror qabul qilishda ko‘rga hassadek ayon bo‘lgan dalillarga ko‘z yumishmaydi...
 


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud Quyichirchiq Akmalxo'ja Tursunxonov

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing