“Hayf hammangizga...” – Kusherboyev quyichirchiqlik fermer ishi bo‘yicha munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, Toshkent viloyati, Quyichirchiq tumanidan bo‘lgan fermer Akmalxo‘ja Tursunxonov masalasida ko‘p bora maqolalar e’lon qilindi. Quyichirchiq tuman hokimi qarori noqonuniy ekanini isbotlagan va Oliy sudda g‘alaba qozongan fermerga jinoiy ish ham ochildi

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining eng faol deputati Rasul Kusherboyev o‘z munosabatini bildirdi. 

“Quyichirchiq tumani hokimi ma’muriy sudga bosim o‘tkazgan, Quyichirchiq prokurori ko‘zini yumib, qulog‘ini berkitib olgan, tuman ma’muriy ishlar bo‘yicha sudya esa qo‘rqqanidan yosh fermerni "sindirib" uning yerini olib qo‘yilishiga sabab bo‘lgan. Tuman deputatlari esa pinagini ham buzmay, hokim taqdim qilgan har qanday qarorga qo‘l ko‘taravergan. Hayf hammangizga...”, deydi u. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlari harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputat Rasul Kusherboyev yosh fermerga nisbatan qilinayotgan adolatsizliklar haqida shunday deydi:  

“Odamlarning, fermerlarning taqdiri mana shunday shaxslar ixtiyoriga topshirib qo‘yilganligi sababli bu hududda adolat tiklanmayapti, Oliy sud qarori ijro etilmayapti. 

Respublika Fermerlar Kengashi Quyichirchiqdagi yosh fermerni himoya qilib kelayotgan bo‘lsa, viloyat Fermerlar Kengashi unga qarshi zarbaga o‘tib fermerni sudga bergan. Aniqki, viloyat fermerlarining otasi buyurtma bajarib, kimgadir juda yoqib qolmoqchi.

Yosh fermer davlat rahbarining da’vatlaridan ruhlanib, kreditga ko‘plab texnikalar olgan, mehnat jamoasini ko‘paytirgan, yerga mehr berib ishlagan.  Biroq tumandagi mas’ullardan iborat zo‘ravonlarning harakati sabab u "sinayapti", kredit qarzlari sabab hayotdan to‘ymoqda. Uning haqqi va javobi vijdonsiz Quyichirchiq hokimi, prokurori va sudyasi gardanida”, deydi deputat Kusherboyev.

Eslatib o‘tamiz, yosh fermer Akmalxo‘ja Tursunxonovning ishi Oliy sudgacha borgan va u g‘alaba qilgan. Biroq, tuman hokimligi tomonidan iqtisodiy sudga ham ariza kiritilgani bois, ish endi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Ayni vaqtda ish vaqtincha to‘xtatilgan, chunki tuman hokimligi fermerga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida Ichki ishlar xujjatini olib kelgan.      


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev fermer Quyichirchiq Akmalxo'ja Tursunxonov

Baholaganlar

433

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing