Quyichirchiqlik fermer ishi: Fermerlar kengashi yuristi sudga bosim o‘tkazgan hokimlar haqida gapirdi
Jamiyat
−
20 fevral 2020
12043Quyichirchiqlik fermer Akmalxo‘ja Tursunxonovga tegishli “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligining ko‘pgektarli yeri Quyichirchiq tuman hokimi tomonidan noqonuniy tortib olingani va bu bo‘yicha Oliy sud qarori chiqarilgani haqida ma’lum qilgan edik.
Oliy sud qarori bo‘lishiga qaramay, tuman hokimi hamon fermer bilan shartnoma munosabatlarini tiklamagani haqida fermerning o‘zi yozg‘dirgan edi.
Biz ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov bilan masala yuzasidan suhbatlashdik.
— Chorixon aka, tahririyatimiz tomonidan bir necha bor materiallar e’lon qildik. Fermer Quyichirchiq tumanidagi “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligiga tegishli yer masalasida Oliy sud qarori chiqqani, biroq tuman hokimi tomonidan ijroga kiritilmaganini aytmoqda. Bu masalada sizning fikringiz qanday?
— “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligiga oid ishni birinchi kunlardan eshitganman. Bu haqda ma’lumotlarga to‘liq egaman. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrida 974-sonli qarori qabul qilingan. Shu qarordan kelib chiqib, “Toshkent cotton Textile cluster” MCHJga Quyichirchiq tumanidan 39 ming gektar yer maydoni ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shu qarorning ijrosini ta’minlash jarayonida tuman hokimiyatidagi mutasaddilarimiz tomonidan birinchi qadam noto‘g‘ri tashlangan. Ular mansab vakolatidan foydalanib, fermerlar manfaatlariga putur yetkazadigan darajadagi ishlar bilan shug‘ullana boshlagan.
Mutasaddilar Yer kodeksining tegishli normalariga rioya qilishmagan. Fermerlar yerlarini noqonuniy tarzda klasterga berish payiga tushgan. Fermer yeridan ixtiyoriy tarzda voz kechgan emas. Hukumat qarorida qonun doirasida amalga oshirilishi belgilangan. Yer kodeksining 6-moddasi, 36-moddasi bo‘yicha amalga oshirilgan aytib qo‘yilgan, biroq tuman hokimi bundan chetga chiqqan. Fermer o‘z ixtiyori bilan voz kechmagan. Bunday holatda yer ijara shartnomasini bekor qilish mumkin bo‘lmaydi. Yerdan samarasiz foydalangani yoki boshqa maqsadda foydalangan holatlar topilganida sudga da’vo kiritishi lozim edi. Keyin klasterga berishi kerak edi.
— Oliy sud qarori chiqdi. Oqni oq, qorani qora deb ajratildi. Biroq Oliy sud qarori tuman darajasidagi ijro hokimiyati vakillari tomonidan ijro etilmasligini qanday baholaysiz?
— 2019 yil 8 noyabrida Oliy sudning ma’muriy hay’atidan adolatli qaror qabul qilindi. Ahadova degan sudya qonuniy to‘xtamga kelib qaror chiqarib berdi. Oliy sudning bu qarorini ijro qilish uchun quyi tizimda ko‘p qarshiliklar bo‘lmoqda. Tuman hokimligining o‘zi birinchi navbatda to‘sqinlik qilmoqda. Hattoki, tuman prokurori ham qishloq xo‘jaligidagi qonunlar nazoratini ta’minlashi lozim bo‘lsa ham, o‘zining vazifasini bajarmayapti. Tuman prokurorining ham va’da bergan joyi bor. Oliy sudning qarorini olib kelsa, dalasiga tegmasligini aytgan.
Tuman prokurori hammasini ko‘ra-bila turib qo‘l qovushtirib turibdi. Buning ustiga fermer manfaatini himoya qilish pozitsiyasida turgani yo‘q. Oliy sudning qarorini ta’minlashni ham amalga oshirgani yo‘q. Aslida, prokuror sud qarorini ijro qilmagan shaxslarga ma’muriy ish qo‘zg‘atishi kerak edi. Agar o‘z vaqtida prokuror nazorati qo‘llanganda edi, shu kungacha bo‘lgan muammolar yuz bermasdi. Sud qarori bajarilgan bo‘lardi. Tuman prokurori vakolati doirasidagi vazifani bajarmayapti.
— Bu ishning tarixini ko‘rsak, birinchi va apellyatsiya sudi instansiyalarida bu fermerga qarshi qaror chiqarilgan. Oliy sudga kelib adolat ta’minlanibdi. Quyi sudlar o‘z vakolati doirasida ishlay olmayapti yoki ularga qandaydir bosimlar bormi?
— Biz bu fermerning manfaatini tuman sudidan boshlab himoya qilib kelyapmiz. Tuman sudida hattoki dalda ham berib ko‘rdim. “Hurmatli raislik qiluvchi, siz yetarlicha savollar bermayapsiz. Ishni mustahkamlab olishga, qonuniy baho berishga harakat qilmayapsiz”, deganimda tuman hokimidan hadiksirayotganini sezdirib qo‘ydi. So‘zining oxirida hattoki tuman hokimining ma’muriy sudga bosim o‘tkazganini sezdirdi. Bundan ancha ko‘nglimiz cho‘kdi. Biz tuman hokimlari sudyalarga bosim o‘tkazayotgani haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Qonunbuzarlik ochiqdan-ochiq ko‘rinib turganda ham ma’muriy sudlarimiz hokimdan hadiksiradi.
Bunday holatlarda qonunchilik mexanizmi yaxshi ishlamayapti. Avvalo qonunlarni ijro qilishni nazorat qiluvchi prokuror qo‘lini qovushtirib o‘tiribdi. Eng katta gap prokurorda... Oliy sud qarori qabul qilinadi-ku, biroq ijro qilinmasa chora ko‘rish prokurorda-ku, axir. Fermer prokurorga murojaat qilib turibdi. Prokuror ko‘rib turib, yon bosib o‘tiribdi. Klasterga prokuror ham yon bosmoqda. Xizmat vazifasiga beparvolik bilan qaramoqda. Agar men o‘sha prokuror o‘rnida bo‘lganimda edi... O‘zimning vakolatim doirasida tuman hokimiga ogohlantirish xati kiritgan bo‘lardim. “O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, yozma ravishda ogohlantirish berishga prokurorda vakolat bor. “Oliy sud qaroriga noqonuniy ravishda monelik qilyapsiz. Agar bunday noqonuniy tartibda davom etaversangiz, sizga nisbatan qonuniy chora ko‘ramiz” degan mazmunda harakat qilardim. Hozir, aksincha, prokuror qonunbuzarlar tarafiga o‘tib olgan. Qonunbuzar kim? Hokim. Hokim tarafiga o‘tib olgan. Prokuror shunday vaqtda qo‘lini qovushtirib o‘tiradigan bo‘lsa, tumanda qonun ta’minlanadimi?!
QALAMPIR.UZ fermerning qonuniy huquqlari ta’minlanmaguncha voqealarni kuzatishda va bu borada maqolalar e’lon qilishda davom etadi.
LiveBarchasi