Putin bilan samarali muzokaralar olib bordik – Tramp
Olam
−
14 mart
11336Kecha, 13 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Oq uy rahbari “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Kecha biz Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi va samarali muzokaralar olib bordik va bu dahshatli, qonli urush nihoyat tugashi mumkin bo‘lgan juda yaxshi imkoniyat bor – ammo hozirgi paytda minglab Ukraina qo‘shinlari Rossiya harbiylari tomonidan to‘liq qurshovga olingan va juda yomon hamda zaif holatda. Men Prezident Putindan ularning hayotini saqlab qolishni qattiq iltimos qildim. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan dahshatli qirg‘in bo‘lardi. Barchasini xudo qo‘llasin”, deya yozadi AQSH rahbari.
“Kommersant” nashrining yozishicha, Tramp Ukrainaning aynan Kursk viloyatidagi qo‘shinlarini saqlab qolish haqida gapirgan.
12 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatidagi boshqaruv shtablaridan biriga borib, Rossiya hududidagi Ukraina qo‘shinlarini “terrorchilar” sifatida baholash va tegishli moddalar bo‘yicha sudga tortish kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonida jang qilayotgan xorijiy yollanma askarlar Jeneva konvensiyasida ko‘zda tutilgan harbiy asirlar huquqidan foydalana olmaydi. Trampning bu bayonoti shundan so‘ng yangradi.
Keyinroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt jurnalistlarga 13 mart kuni Tramp Putin bilan gaplashmaganini, biroq uning maxsus vakili Stiv Uitkoff gaplashganini aytdi. Anonimlik sharti bilan gapirgan “Reuters” manbasiga ko‘ra, Uitkoff 13 mart kuni kechqurun Moskvada Putin bilan uzoq vaqt uchrashuv o‘tkazgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin uchrashuvdan Trampga "signallar" yetkazish uchun foydalangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va AQSH Prezidentlari o‘rtasidagi telefon qo‘ng‘irog‘i vaqtini Uitkoff Trampga ma’lumot berganidan keyin ishlab chiqadi.
Eslatib o‘tамиз, avvalroq Saudiya Arabistonining Jidda shahrida AQSH va Ukraina vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Muzokaralardan so‘ng, Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak agar Rossiya xuddi shunday qadamga rozi bo‘lsa, Ukraina AQSHning 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. 13 mart kuni Jiddadagi Ukraina va AQSH muzokaralaridan ikki kun o‘tib, AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga yetib keldi. U taklifni Rossiya tomoni bilan ham muhokama qilish rejalashtirilgan edi. Ammo ikki o‘rtadagi uchrashuvdan oldin Vladimir Putin Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga roziligini, biroq bu uzoq muddatli tinchlikka olib kelishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta nyuanslarni hisobga olish kerak, jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish rejimining saqlanishini kafolatlash masalasi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

