Meksikada mashhur narkobaron o‘ldirilishi ortidan katta tartibsizliklar boshlandi (video)

Olam

image

Avvalroq, Meksika Qurolli kuchlari maxsus operatsiya davomida mamlakatdagi eng yirik narkokartellardan birining yetakchisi, “El Mencho” nomi bilan tanilgan Nemesio Osegera Servantesni yo‘q qilgani haqida xabar berilgandi. Uning o‘ldirilishi ortidan mamlakat ulkan tartibsizliklar ichida qoldi. Bu haqda “Milenio” xabar berdi. 

U ko‘p yillar davomida “Xalisko yangi avlodi” karteliga rahbarlik qilgan va mamlakatdagi eng shafqatsiz jinoyatchilardan biri sifatida tanilgan. “The New York Times” nashrining yozishicha, u davlat xavfsizlik kuchlari bilan ochiq to‘qnashuvlardan cho‘chimagan. Kartel asosan kokain, metamfetamin va fentanilni AQSHga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.

Shtat gubernatori Pablo Lemus Navarro ijtimoiy tarmoqlarda kartel a’zolari bilan Qurolli kuchlar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, xavfsizlik kuchlari paydo bo‘lgach, kartelga aloqador shaxslar operatsiyaga to‘sqinlik qilish maqsadida avtomobillarni yoqib yuborgan va yo‘llarni to‘sib qo‘ygan.

“El Mencho”ning o‘limi butun Meksika bo‘ylab tartibsizliklarga sabab bo‘lgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kamida besh shtatda, jumladan Xaliskoda ham ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgan. Mahalliy aholi va rasmiylar avtomobillar yoqib yuborilgani va ko‘chalar to‘sib qo‘yilganini bildirgan – bu narkokartellar tomonidan tez-tez qo‘llaniladigan usul hisoblanadi.

Xalisko shtatida favqulodda holat rejimi joriy etilgan. Ayrim hududlarda jamoat transporti faoliyati to‘xtatilgan, aholiga esa binolarni tark etmaslik tavsiya qilingan. Yong‘inlar shtat poytaxti – Gvadalaxarada ham kuzatilgan. 

Puerto-Valyarta va Gvadalaxara aeroportlari vaqtincha reyslarni qabul qilmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda aeroport binolarida panoh izlayotgan yo‘lovchilar aks etgan videolar tarqalmoqda.

Tartibsizliklar fonida AQSHning Meksikadagi elchixonasi Xalisko, Tamaulipas, Michoakan, Gerrero va Nuyevo-Leon shtatlarida bo‘lgan Amerika fuqarolariga xavfsiz joyda qolish va tashqariga chiqmaslikni tavsiya qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing