Meksikada anomal issiq oqibatida 112 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

So‘nggi bir necha hafta ichida Meksikada anomal issiq oqibatida 112 kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda ABC telekanali xabar berdi.

Shifokorlarning qayd etishicha, rekord darajadagi yuqori harorat fonida o‘lim darajasi ayniqsa mamlakatning shimoli-g‘arbiy va janubi-sharqida tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Issiq urish va suvsizlanishdan vafot etganlarning aksariyati shimoliy Nuevo-Leone shtatida kuzatilgan. U yerda 64 kishi, Tamaulipasda 19, Verakrusda 15 va Tabasko shtatida 14 kishi vafot etgan. O‘lim darajasi 2022 yilga qaraganda deyarli uch baravarga oshgan. 

Aytilishicha, so‘nggi haftalarda mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati Selsiy bo‘yicha 40 darajaga yetgan. Issiqlikdan tashqari Meksikada qurg‘oqchilik ham kuzatilmoqda. Iyun oyining o‘rtalarida odatda mintaqada yomg‘ir yog‘adi, bu issiqlikni biroz pasaytiradi, ammo bu yil yomg‘irli mavsumning boshlanishi kechikmoqda.

Meksika Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning yoshi 45 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lib, 112 kishidan 104 nafari issiq urishdan vafot etgan.

20 iyun kuni ertalab Meksika Milliy meteorologiya xizmati anomal issiq yana 10-15 kun davom etishini e’lon qilgan va surunkali xastalikka chalingan aholiga zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning Texas shtati Uebb okrugida 11 kishi jazirama issiq oqibatida kelib chiqqan kasalliklardan vafot etgandi. Shuningdek, Pokistonda rekord darajada issiq kuzatilayotgani, Hindistonda esa anomal issiq oqibatida 166 kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi


Maqola muallifi

Teglar

Meksika anomal issiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing