Mehribon Aliyeva Armaniston rahbariyatini begunoh odamlar o‘limida aybladi
Olam
−
08 iyun 2021
9318Joriy yilning 4 iyun kuni Tog‘li Qorabog‘ning Armanistondan ozod qilingan Kalbajar tumanida ichida Ozarbayjon jurnalistlari bo‘lgan mashina minada portlab ketgani, oqibatda 3 kishi – ikki jurnalist va bir amaldor vafot etgani haqida xabar bergan edik. Ozarbayjon Respublikasi vitse-prezidenti, mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
“Men Ozarbayjon davlat televideniyesi (AzTV) xodimi Siraj Abishov (1989 yilda tug‘ilgan), Ozarbayjon Davlat axborot agentligi xodimi Maharram Ibrohimov va Kalbajar viloyati Susuzlug‘ qishlog‘idagi ijroiya hokimiyati rahbari vakili o‘rinbosari Arif Aliyevning o‘z vazifasini bajarayotgan vaqtda mina portlashi oqibatida halok bo‘lganlari haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildim.
Urush tugagandan so‘ng, ozod etilgan hududlarda arman bosqinchilari tomonidan o‘rnatilgan minalar yordamida 140 dan ortiq odam portlatildi. Ulardan 27 nafari qurbon bo‘ldi”, deydi Prezident Ilhom Aliyevning rafiqasi.
Ozarbayjon joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston bilan boshlangan qurolli to‘qnashuvlardan keyin noryabr oyiga kelib Tog‘li Qorabog‘ni mustamlakadan ozod qildi. Qorabog‘ yerlari 29 yillik arman mustamlakasidan yana Ozarbayjonga qaytdi. Rasmiy Baku ayni vaqtda ushbu hududlar o‘tgan yillar davomida vayronaga aylantirilib, tarixiy obidalar yo‘q qilingani, infratuzilma ishdan chiqqani, bu ham yetmagandek, arman Hukumati hududlarga minalar o‘rnatgani va Qorabog‘ yerlari Ozarbayjon qo‘liga o‘tganiga qaramay, minalangan yerlar xaritasini bermay kelayotganini ta’kidlamoqda.
“Begunoh odamlarning o‘limi uchun javobgarlik butunlay Armanistonning harbiy-siyosiy rahbariyatiga yuklanadi. Ozarbayjon tomonining minalangan hududlar xaritalarini taqdim etish to‘g‘risidagi chaqiriqlariga qaramay, Armaniston rahbariyati buni rad etmoqda va shu bilan xalqaro gumanitar qonunlarni buzishda va Ozarbayjonga qarshi terror siyosatini olib borishda davom etmoqda. Afsuski, Ozarbayjon tomonining YeXHT Minsk guruhi mamlakatlariga, shuningdek, turli xalqaro tashkilotlarga minalashtirilgan maydonlarning xaritalarini taqdim etish masalasida Armanistonga bosim o‘tkazishga chaqiriqlari muvaffaqiyatsiz tugadi. O‘zlarini jurnalistlar huquqlari himoyachisi sifatida tutgan xalqaro nohukumat tashkilotlar hamon sukut saqlamoqda. Ozarbayjon xalqi g‘olib xalqdir! Buni o‘zgartirish yoki qo‘rqitish mumkin emas!”, deydi o‘z chiqishida Mehribon Aliyeva.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yil 27 sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush natijasida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka, 286 ta qishloq va ko‘plab strategik muhim tepaliklarni Armanistondan ozod qildi.
Armaniston urush tugagach Ag‘dam, Lochin va Kalbajar tumanlarini Ozarbayjonga topshirdi. Arman harbiylari Ag‘damni 2020 yil 20 noyabarda, Kelbajarni 25 noyabrda va Lochinni 1 dekabrda tark etdi.