Urush talafotlari: QALAMPIR.UZ Qorabog‘ urushi oqibatlarini borib ko‘rgan birinchi o‘zbek mediasi bo‘ldi
Tahlil
−
31 may 2021
16253Ozarbayjon 30 yillik ishg‘oldan so‘ng Qorabog‘ yerlarini Armanistondan qaytarib oldi, biroq 30 yil davomida yuzlab qurbonlar berildi. Birgina 2020 yilning 11 oktyabr kuni Ozarbayjonning Ganja shahri markazidagi turar joy binosiga Armaniston Qurolli kuchlari tomonidan ballistik raketa uchirilishi oqibatida 12 kishi qurbon bo‘ldi, 40 nafardan ortiq begunoh odamlar jarohatlandi. QALAMPIR.UZ urush davom etayotgan vaqtlarda Ozarbayjon Hukumatiga vaziyatni voqea joyiga borib kuzatish, reportajlar tayyorlash bo‘yicha murojaat bilan chiqqan edi. Ozarbayjonda favqulodda holat e’lon qilingani, Qorabog‘ esa minalangan hudud bo‘lgani uchun jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida so‘rovlar rad etilgandi. Shunga qaramay, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalaridan birinchi bo‘lib QALAMPIR.UZ ushbu hududlarga borib, qurolli to‘qnashuvlar oqibatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga erishdi. Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova va fotograf Kamoliddin Zaidov (@canoniy) Ozarbayjonning Baku, Ganja shaharlarida bo‘lib turibdi. Ularning navbatdagi manzili esa – Qorabog‘.
Najmiddinova 30 yil ishg‘ol ostida qolgan yerlarda bo‘lib, genotsid amalga oshirilgan hududlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqda. Qorabog‘ni tashlab ketishga majbur bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilmoqda. Cho‘chqaxonaga aylantirilgan muqaddas qadamjolar, masjidlarga kirib bormoqda.
Kecha Ozarbayjonda bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi Ganja shahri markazida Armanistonning ballistik raketasi vayron qilgan hududni ko‘zdan kechirdi. Eng avvalo marhumlar xotirasiga duo-fotiha qilindi. Shu yerning o‘zidan Instagram’dagi sahifamizdan JONLI EFIRga chiqildi.
Ballistik raketa uchirilgan tun
2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, bir necha kun ichida olovlangan urush oktyabr oyiga kelib yanada keskin tus oldi. Xalqaro hamjamiyat ikki mamlakat harakatlarini, qurolli to‘qnashuvlarni qoralashga tushdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotidan tortib, dunyoni “boshqarayotgan” mamlakatlar Aliyev va Pashinyanni murosaga kelishga chaqirdi. Minsk guruhi hamraislari Rossiya, Fransiya va AQSH “Armaniston va Ozarboyjon rahbarlarini zudlik bilan, vijdonan va YeXHT Minsk guruhi hamraislari ko‘magida kelishuv bo‘yicha muzokaralarni tiklash uchun hech qanday shartlar qo‘ymasdan o‘z zimmalariga majburiyatlarni olishga” undadi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 30 yil davomida Minsk guruhining og‘ziga qarab kelgani, ammo ular adolatni tiklash uchun hech ishga qo‘l urmaganini aytib chiqdi. Bunday vaziyatda esa Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlagan, harbiy ko‘mak bergan yagona mamlakat Turkiya bo‘ldi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an aynan Minsk guruhi hamraislari – Rossiya, Fransiya va AQSHni Armanistonga qurol yetkazib berishda aybladi.
2020 yilning 9 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro ishtirokchilarini gumanitar vaziyatdan kelib chiqib, harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Uch tomonlama muzokara natijasida harbiy asirlarni va ushlab turilgan boshqa shaxslarni hamda halok bo‘lganlarning jasadlarini almashtirish va Xalqaro qizil xoch mezonlariga muvofiq gumanitar maqsadlarda 2020 yil 10 oktyabr soat 12:00dan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishga kelishildi.
O‘rtadagi kelishuvga qaramay, Armaniston g‘irrom o‘yin qildi va 11 oktyabr kuni tungi soat 02:00 da Ozarbayjonning Ganja shahri markazidagi 31 xonadondan iborat 3 ta ko‘p quvatli turar joy binosiga “Elbrus” ballistik raketasi bilan hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida 12 kishi qurbon bo‘ldi. 40 ga yaqin begunoh damlar jarohatlandi. Eng achinarlisi esa, qurbonlar orasida norasida go‘daklar ham bor edi.
Shahar markazidagi turar joy binosi ballistik raketa hujumidan butkul vayron bo‘lgan. Ayni vaqtda urush oqibatlarini xalqaro hamjamiyatga yetkazish, dunyo aholisini Armaniston qurolli kuchlari tomonidan qilingan hujum bilan tanishtirish maqsadida vayronalar qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlanmoqda. Ozarbayjonning turli shahar va rayonlaridan, shuningdek dunyo mamlakatlaridan kelgan sayyohlar Ganjadagi ushbu vayronalar bilan tanishib, qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltirmoqda.
“Men bu yerga kelgan mehmonlar vayronalar atrofiga gul va yumshoq o‘yinchoqlarni qo‘yib ketayotganiga guvoh bo‘ldim. Millati, dini, turmush tarzi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar har bir kishi tunda uyquga ketarkan, erta uchun rejalar tuzadi, niyat qiladi. Ammo yarim tunda kuchli silkinish, o‘q ovozi bilan vayronalar ichida yaralangan holatda uyg‘onishni tasavvur qilish juda og‘ir. Bu yerda yaqinlarini yo‘qotganlar juda ko‘p va urush ularning qalbida bir umrlik dog‘ bo‘lib qoladi”, deydi hududni ko‘zdan kechirgan jurnalist Feruza Najmiddinova.
“4,11, 17 oktyabr kunlari Armaniston tarafi Ganja shahrida 13 marta qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirgan. Bulardan 8 tasi snaryadlar ishtirokida bo‘lgan. Buning oqibatida 25 kishi, xususan 6 nafar bola qurbon bo‘ldi. 138 nafar kishi jarohatlandi, ulardan 29 nafari bolalar edi. Qurolli hujumlar natijasida 4 oila ham otasidan, ham onasidan ayrildi. Shuni alohida urg‘ulash kerakki, Armaniston tarafi urush kechayotgan hududlardan ancha uzoqda bo‘lgan, qurolli to‘qnashuv zonasi bo‘lmagan va hech qanday harbiy ob’ekt joylashmagan, tinch aholi istiqomat qiluvchi hududlarga raketa zarbalarini berdi. Bu XXI asrning terrori edi. Ammo biz ularga bunday terroristik javob bermadik”, deydi ommaviy axborot vositalari bilan o‘tkazilayotgan info-turga mas’ul Hasan Mamedov.
11 oktyabr kuni sodir bo‘lgan qo‘poruvchilik harakati ustidan nazorat aynan Armaniston Hukumati raisi tomonidan bo‘lgani aytiladi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, Ganjaga ballistik raketadan hujum qilish to‘g‘risidagi buyruqni shaxsan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bergan.
Oradan bir necha kun o‘tib, Armaniston qurolli kuchlari 17 oktyabr kuni Ganja shahriga yana bir havo zarbasini yo‘lladi. Shu kuni Ganjaga va yana bir yirik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan Mingyachevir shahriga hujum qilindi. Shahar harbiy harakatlar davom etayotgan joydan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ganjaga ikkita raketa uchirilgan. Ulardan biri turar-joy binosiga tushgan. Yana bir raketa esa o‘nlab xususiy uylar yaqiniga tushgan. Natijada 20 ta uy vayron bo‘lgan. Ushbu raketa hujumi natijasida ham 13 kishi qurbon bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi.
“Biz bu yerda istiqomat qilayotgan va voqeaga o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lgan mahalliy aholidan, shuningdek raketalar hujumida yaqinlarini yo‘qotgan, uyidan ayrilgan odamlardan intervyu olishga harakat qildik. Biroq, ular hamon o‘sha hujumlar shovqini, vayronalarning qo‘rquvi va qurbon bo‘lgan yaqinlarining g‘ami bilan yashayotganlarini aytib, u kunlar haqida gapirishga ham madorlari yo‘qligini ta’kidladilar”, deydi Ganja shahrida bo‘lib turgan jurnalist Feruza Najmiddinova.
QALAMPIR.UZ’ning Ozarbayjonga, jumladan Qorabog‘ga safari davom etadi. Saytimizni va Instagram sahifamizni kuzatib boring va 30 yillik mojarolar oqibatlariga guvoh bo‘ling. Eslatib o‘tamiz, bugungacha ushbu hududlarga QALAMPIR.UZ’dan boshqa hech bir O‘zbekiston ommaviy axborot vositasi xodimi yetib bormagan.
QALAMPIR.UZ’ning keyingi manzili Armaniston mustamlakasidan ozod qilingan – Ag‘dam shahri. Jurnalist Feruza Najmiddinova ushbu shahardagi XIX asrga oid tarixiy masjidda bo‘lib, reportaj tayyorlamoqda. Masjid Armaniston ishg‘oli davrida cho‘chqaxonaga aylantirilgan, vayron qilingan. Bundan bir necha oy avval Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva va qizi Leyla Aliyeva bilan ushbu masjidga borib, uning devorlarini o‘pgan edi.
2020 yil kuzida nima bo‘lgandi?
O‘tgan yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini provokatsiyada ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan.
To‘qnashuvlar davom etarkan Ozarbayjon va Armaniston ikki marta – birinchisida Rossiya, ikkinchisida AQSH vositachiligada sulhga erishdi. Ammo sulhning umri qisqa bo‘ldi.
Vanihoyat 9 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin Lochin, Ag‘dam va Kelbajar tumanlari Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi. Ular 5 yil Qorabog‘da bo‘ladi va tomonlar roziligi bilan bu muddat uzaytirilishi mumkin.
Suratlar muallifi Kamoliddin Zaidov
LiveBarchasi